Xitoyda bolalarga haftasiga uch soatdan ko‘proq vaqt davomida video o‘yinlar o‘ynash taqiqlandi

Endilikda, voyaga yetmaganlarga faqat juma, shanba, yakshanba va bayram kunlari soat 20:00 dan 21:00 gacha videoo‘yinlarni o‘ynashga ruxsat beriladi. Onlayn-o‘yin maydonchalariga qoidalar bilan belgilangan vaqtdan tashqari bolalarga xizmat ko‘rsatish taqiqlandi. Xizmat ko‘rsatuvchilar foydalanuvchilarning yoshini tekshirish maqsadida ulardan ro‘yxatdan o‘tishda haqiqiy ismlari va mobil telefon raqamlarini talab qilishlari kerak bo‘ladi.

2019 yilda Xitoy voyaga yetmaganlarga tunda, ya’ni kechqurun o‘ndan ertalab sakkizgacha onlayn-o‘yinlar o‘ynashni taqiqlagan edi. Ish kunlarida ularga kuniga bir yarim soat, dam olish kunlarida esa kuniga uch soat o‘ynashga ruxsat beriladi. Xitoylik o‘smirlar cheklovlarni chetlab o‘tishni o‘rgangani sababli, 2021 yilda Tencent kechasi o‘ynayotgan o‘yinchilarni kuzatish uchun «Midnight Patrol» — yuzni aniqlash tizimini joriy qildi. Kompaniya yuzni skanerlash va ro‘yxatdan o‘tish paytida haqiqiy ismlarni ko‘rsatishni talab qiladi. Jarayonni rad etganlar yoki undan o‘tmaganlar, voyaga yetmagan bola sifatida baholanib, kechqurun va tunda o‘ynay olmaydi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir necha yil davomida Xitoy video-o‘yinlar foydalanuvchilarning orasida voyaga yetmaganlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Rasmiylar o‘smirlarda miopiya (uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik) va past darajadagi o‘zlashtirishda «video-o‘yinlarga qaramlik»ni ayblashmoqda. Yangi qoidalar «voyaga yetmaganlarning ruhiy va jismoniy salomatligini himoya qilishga» yordam beradi, deb ta’kidlanmoqda. — TJ.


AQSh janubiga «Ida» dovuli bostirib keldi. Milliondan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qolgan

Atlantika okeanida vujudga kelgan 4-toifali (5 toifa mavjud) «Ida» dovuli yakshanba kuni AQShning Luiziana shtati sohillariga bostirib keldi. Dovul shtat qirg‘oqlariga yetib kelganida, shamol tezligi soatiga 150 milga (240 km/soat dan yuqori) yetgan. Ta’kidlanishicha, dovul shtatning ikkita yirik shahri — Yangi Orlean va Baton-Rujdan o‘tadi. Qurbonlar va zarar miqdori hozircha noma’lum. Mahalliy hokimiyatlarning aytishicha, «Ida» dovuli tez kelgani sababli ular 390 ming kishini evakuatsiya qilishga ulgura olmagan. Yangi Orlean meri aholini mustaqil evakuatsiyaga yoki elektr ta’minotining uzilishlariga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. — Interfaks.

Foto: AP/TASS


Foto: Xalqaro kosmik stansiyadan olingan dovul surati, Zuma\TASS.

Foto: Luiziana shtati aholisi derazalarni mixlab, binolarni qum qoplari bilan mustahkamlamoqda, AP/TASS

Foto: AP/TASS

«PowerOutrage.US» ma’lumotlariga ko‘ra, Luiziana shtatida 1 mlndan ortiq kishi, qo‘shni Missisipi shtatida esa 43 mingdan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qolgan. Luiziana shtatining elektr energiyasini yetkazib beruvchilardan biri bo‘lgan Entergy Louisiana uylari bo‘ron yo‘lida bo‘lgan Luiziana aholisi uch haftagacha elektrsiz qolishini ma’lum qildi.


SARS-CoV-2 koronavirusi haftada bir marta mutatsiyaga uchraydi — tadqiqot natijalari

Buyuk Britaniyaning Bat va Edinburg universitetlari genetiklari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, COVID-19'ni keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 koronavirusi haftada bir marta mutatsiyaga uchraydi, ya’ni ilgari o‘ylagandan ikki barobar tezroq. Bundan tashqari, tadqiqot natijalariga ko‘ra, agar odam bir necha haftadan ko‘proq COVID-19 bilan og‘risa, uning tanasida virus mutatsiyaga uchrashi mumkin. Tadqiqot mualliflaridan biri, professor Lorens Xirstning eslatishicha, shu tariqa koronavirusning «alfa» shtammi paydo bo‘lgan va bu tezda tuzalib keta olmaydigan odam ichidagi virus evolyutsiyasi natijasi hisoblanadi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, COVID-19'ning cho‘zilgan shakli bo‘lgan bemorlarni sinchkovlik bilan izolyatsiya qilish zarur. — Tadqiqot press-relizi.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar:

Mamlakatdagi vaziyat:

  • Yakshanba kuni Kobulda AQSh Qurolli Kuchlari raketa zarbasi orqali portlovchi moddalar o‘rnatilgan mashina yo‘q qilingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aviazarba natijasida 12 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida 7 nafar bola ham bor.
  • «Tolibon» 31 avgust kuni, AQSh qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqqach, Afg‘oniston poytaxtidagi aeroportni to‘liq nazoratiga oladi, deya xabar bermoqda TASS «Al Jazeera»ga tayanib. Xabarga ko‘ra, «Tolibon» aeroportdagi operatsiyalarni texnik boshqarish bo‘yicha Turkiya va Qatar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. Aytilishicha, tomonlar bu masala bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelishmagan.
  • Afg‘onistonning yangi ta’lim tizimi talaba yigit va qizlarga alohida ta’lim beradi. Bu haqda kuni oliy ta’lim vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Boqi Haqqoniy ma’lum qildi. «Afg‘onistonlik qizlar o‘qish huquqiga ega, lekin ular yigitlar bilan bir sinfda o‘qiy olmaydi. Talaba qizlar uchun xavfsiz ta’lim muhiti ta’minlanadi», — dedi u. Shuningdek, vazir v.b. yaqin orada universitetlar faoliyati qayta tiklanishi hamda vazirlik o‘qituvchilari va xodimlarining maoshlari to‘lanishiga va’da berdi.

Shu bilan birga, mamlakat universitet o‘qituvchilari «Tolibon» rahbarlarini yangi ta’lim tizimini yaratishdan ko‘ra, mamlakat ta’lim tizimini saqlab qolish va modernizatsiya qilishga chaqirishdi. Sobiq oliy ta’lim vaziri Abbos Basir «Tolibon» boshchiligidagi oliy ta’lim konferensiyasida «noldan boshlash xato» ekanligini aytdi. O‘z navbatida, Abdul Boqi Haqqoniy xalqaro hamjamiyat ishtirokida yaratilgan hozirgi ta’lim tizimini tanqid qilib, dinga ahamiyat berilmaganini aytdi. «Dunyo dinni ilmiy ta’limdan olib tashlashga harakat qildi. Ta’lim tizimida Islomga zid bo‘lgan har bir joyi o‘chiriladi», — dedi u.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Afg‘onistonlik jurnalistlar BMTga o‘z xavfsizligini ta’minlash chaqirig‘i bilan jamoaviy maktubni imzoladilar. «Hozirgi muammolar va ommaviy axborot vositalari xodimlarining hayoti, mol-mulki va oilalariga tahdidlar kuchayib borayotganini hisobga olib, bizning oilalarimiz hayotini saqlab qolish uchun biz BMTdan yordam so‘ramoqchimiz», — deyiladi maktub matnida. Bundan tashqari, Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi 2 mingdan ortiq afg‘on hamkasblaridan mamlakatdan evakuatsiya qilishda yordam so‘rovlarni qabul qildi.
  • Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarga qochqinlarni joylashtirish uchun moliyaviy yordam beradi, deya xabar bermoqda TASS Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelga tayanib. «Yevropaning imkoniyatlari chegarasi bor, yaqin hamkorlik qilmasdan hech narsa qilish mumkin emas. Qo‘shni davlatlar bu jarayonga Yevropadan ko‘ra ko‘proq va oldinroq jalb qilinadi. Shunday qilib, ha — bu, shuningdek, Turkiyaga bo‘lgani kabi, bu davlatlarga ham moliyaviy yordam ko‘rsatishni anglatadi», — dedi Borrel. Uning fikricha, Yevropa «transatlantik aloqalarni mustahkamlash va muvozanatli» qilish uchun Afg‘onistondagi vaziyatdan saboq olishi kerak. U Yevropa Ittifoqi «birgalikda ishlashni o‘rganishi va strategik muxtoriyat g‘oyasini mustahkamlashi» kerakligini ta’kidladi. «Biz Yevropa Ittifoqining strategik kompasida [strategik tashqi siyosat konsepsiyasida] favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qila oladigan Yevropa boshlang‘ich kirish kuchini yaratishni taklif qilamiz. Yevropa Ittifoqi amerikaliklar aralashishini xohlamaganda, o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun aralashish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak», deya ta’kidladi u.
  • Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson G‘arbda «Tolibon»ni diplomatik tan olinishi mumkin deb hisoblaydi, lekin buning uchun harakat bir nechta shartlarni bajarishi kerak. «Agar Kobuldagi yangi rejim siyosiy tan olinishni xohlasa yoki hozirda muzlatilgan milliardlarni blokdan chiqarilishini istasa, mamlakatni tark etishni istaganlar uchun xavfsiz harakatlanishni kafolatlashi, ayollar va qizlarning huquqlarini hurmat qilishi, Afg‘onistonning yana global terrorizm inkubatoriga aylanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak», — dedi Jonson. «Biz Amerika, Yevropa va butun dunyodagi ittifoqchilarimiz bilan birgalikda «Tolibon» bilan ularning aytganlariga emas, balki qilayotganlariga qarab hamkorlik qilamiz», deya ta’kidladi Britaniya bosh vaziri.

Shuningdek:

  • Yakshanba kuni Yaman janubidagi hukumat havo bazasiga raketa hujumi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 60 kishi yaralandi. Ta’kidlanishicha, hujumni «Ansor Alloh» (Husiylar) harakati isyonchilari uyushtirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jarohatlanganlarning aksariyati, taxminan bir hafta oldin, katta o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini joylashgan joyga xizmat qilish uchun safarbar etilgan askarlardir.
  • Qozog‘istonda o‘q-dorilar omborining portlashi qurbonlari soni 15 kishiga yetdi.
  • Germaniya temir yo‘l transport xodimlari kasaba uyushmasi uchinchi ish tashlashini e’lon qildi. Kasaba uyushmasi rahbari Klaus Vezelskining so‘zlariga ko‘ra, aksiya 2 sentyabrda boshlanib, besh kun davom etadi. So‘nggi ish tashlash tufayli poyezd qatnovlarining 75 foizi bekor qilingan edi.