24 avgust kuni Ichki ishlar vazirligining @stopnarko_bot Telegram-botiga ikki nafar noma’lum shaxs trafaret yordamida giyohvand moddalar reklama qilingan yozuvlarni qoldirayotgani haqidagi xabar kelib tushdi, deya ma’lum qildi Toshkent IIBB matbuot xizmati.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida jami 62 ta yozuv topildi. 26 avgust kuni ko‘rilgan tezkor choralar natijasida gumonlanuvchilar — 20 yoshli Anastasiya M. va 24 yoshli Vladislav V. qo‘lga olindilar.

Suhbat davomida Vladislav 28 yoshli Dmitriy S. ham uylarning devorlariga yozuv qoldirish bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi. U ham qo‘lga olindi. Uchala fuqaro bu ish bilan ma’lum haq evaziga shug‘ullanishlarini, xizmat haqini esa internet-hamyon orqali olishlarini aytishdi.

Ularga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 161 («Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish»), 183 («Mayda bezorilik») va 194 («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») moddalari bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. To‘plangan hujjatlar Yashnobod tumani IIO FMBga qonuniy chora ko‘rilishi uchun yo‘naltirildi, deyiladi xabarda.

Poytaxt IIBB giyohvandlik moddalari reklamalari to‘g‘risidagi xabarlar haqida ular qoldirilgan manzil bilan birgalikda @stopnarko_bot Telegram-botiga yuborish mumkinligini eslatib o‘tdi.