Taekvondochi Ulug‘bek Rashitov Tokiodagi Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekistonga birinchi oltin medalni olib keldi. Hal qiluvchi bahsda o‘zbekistonlik sportchi 2019 yilgi jahon chempioni 22 yoshli britaniyalik Bredli Sinden ustidan 34:29 hisobida g‘alaba qozondi. Vaholanki, o‘yin yakunlanishiga 50 soniya qolganida Rashitov 19:23 hisobidan yutqazayotgan edi. Ulug‘bek Rashitov yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik taekvondochi. Sportchining murabbiyi Pavel Xan «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida chempionni qanday tarbiyalash kerakligi va nima uchun mehnat hamda tirishqoqlik iste’doddan ustun turishi haqida so‘zladi.

— Qanday qilib murabbiy bo‘lgansiz va nega murabbiy bo‘lishni xohlagansiz?

— Men o‘zim ilgari taekvondo bilan shug‘ullanardim. Har doim terma jamoada — bolalar, kadetlar, o‘smirlar jamoasi tarkibida bo‘lganman. Men jahon chempionatlarida, Osiyo o‘yinlarida qatnashardim, lekin medal qo‘lga kirita olmaganman. Shuning uchun meni doimo qaysidir bir ishimni yakullamaganlik hissi tark etmadi. Shogirdlarim men erishmagan natijalarga erishishi uchun murabbiylik faoliyatini boshladim.

— Murabbiy bo‘lmaganingizda, nima bilan shug‘ullanardingiz?

— Menimcha, dunyoda qiziqarli kasblar ko‘p. Lekin men o‘z ishimni juda yaxshi ko‘raman. Ishga kelaman va bu yerda quvvatlanaman. Yana qaysi kasbni egallagan bo‘lardim — bilmayman, lekin ishim o‘zimga juda yoqadi.

— Sportchilar murabbiylari bilan ko‘p vaqt o‘tkazishadi. Murabbiyni oilaning bir a’zosi deyishadi. Rostdan ham shundaymi?

— Albatta. Mening ikki nafar farzandim bor va men ularni shogirdlarimdan ko‘ra kamroq ko‘raman. Chunki biz hali yig‘inda, hali zalda bo‘lamiz. Men erta tongda ketaman va kechasi bolalarim uxlab yotganida qaytaman. Ularni faqat uxlayotganini ko‘raman. Biz kamdan-kam birga yig‘ilashamiz. Haqiqatdan ham, murabbiy sportchi uchun ham ota-ona, ham shifokor, ham psixolog bo‘ladi.


— O‘z shogirdlaringizga qanday qadriyatlarni singdirishga harakat qilasiz?

— Haqigo‘ylik va adolat. Hamma narsa mehnat evaziga erishilishi kerak, ota-onaning mavqei sababli emas. Agar inson sport zalida ishlasa, mashq qilsa, ter to‘ksa, ertami-kechmi o‘z maqsadiga yetadi. Albatta, ularning har biri ham Olimpiada chempioni bo‘lmasligi mumkin, lekin hech bo‘lmaganda ular yaxshi inson bo‘lishlari shart.

— G‘alaba qozonish uchun sportchi qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

— Sportchilarni o‘qimagan va nodon deyishadi, aslida bunday emas. Yuksak marralar sporti insondan aql va chaqqonlikni talab qiladi. Oyoqni silkitishni maymunga ham o‘rgatish mumkin. Zamonaviy sport, xususan, taekvondo zukkolikni talab qiladi, taktika tuzish, qaysi vaqtda hujum qilish, qaysi vaqtda qo‘yib yuborish lozimligini bilish kerak. Sportchi har bir raqibiga qarshi o‘ziga xos taktika bilan chiqadi. Bundan tashqari, sportchi me’yorida takabburlik, me’yorida murosasiz bo‘lishi lozim. Lekin, birinchi navbatda, u yaxshi inson bo‘lib qolishi kerak.

— Sizning shogirdlaringiz qanday qoidalarga rioya qilishi kerak?

— Sport zaliga, kattalarga, murabbiylarga hurmat, itoatkorlik. Ammo qoidalar unchalik qat’iy emas deyishim mumkin, bizda hamma narsa yetarlicha demokratik ruhda. Bolalar qo‘rqishi uchun ularni urishib turish mumkin. Lekin men bunday uslubin yoqlamayman. Murabbiyni hurmat qilishlari tarafdoriman. Yosh sababli emas, albatta.


Har bir sportchi — bu shaxs. Hamma har xil, murabbiyning vazifasi esa har bir sportchida shu o‘ziga xoslikni topishdir. Kimdir uyatchan, kamtarin, kimdir esa takabbur. Kamtarini o‘zini erkinroq his qilishi uchun yo‘naltirish kerak. Takabburini esa biroz yerga tushirish lozim.

— Chempion bo‘lish uchun yuksak iste’dod sohibi bo‘lish kerakmi yoki sportchi mehnatkash bo‘lishi muhimroqmi?

— Murabbiy sifatida 14 yillik faoliyatim davomida turli holatlarga guvoh bo‘ldim. Tug‘ma iste’dodlar va shakllantirilgan iste’dodlar bor. Menimcha, shakllantirilgan iste’dod — bu uzoq muddatli loyiha. U biror yutuqqa erishsa, hamma narsani darhol tashlab qo‘ymaydi, chunki u bunga qancha ter to‘kib erishganini tushunadi.


Shu bilan birga, tug‘ma iste’dod egalari g‘alabaga osonlik bilan erishishlari mumkin. Shuning uchun ular juda tez sovishadi. Ular zerikishni boshlaydi va o‘z ustida ishlashni to‘xtatadi. Natijada mehnatkashlar oldinga chiqadi.

Biz kim chempion bo‘lishini faqat taxmin qilamiz, lekin hammasi xudoning qo‘lida. esa ko‘rsatadi. Bizning vazifamiz — faqat ishlash, mashq qildirish va sportchilarni yuqori darajaga olib chiqish.

— Shogirdlaringiz sizni qanday murabbiy deb ta’riflashadi?

— Ular meni me’yorida qattiqqo‘l deb ta’riflashiga ishonishni xohlayman. Ular menga shaxsiy rejalarini aytishadi. «Murabbiy, men uylanishini xohlayman» deyishlari mumkin. Ba’zida bu haqida bilgan birinchi odam ota-onasi emas, men bo‘laman. Qanday murabbiyligimni ularning o‘zlari ta’riflagani ma’qul.

— Shogirdlaringizning qobiliyatlarini qanday rivojlantirasiz?

— Yagona sehrli yo‘lning o‘zi yo‘q. Zalimizda 50 kishi mashq qiladi va har kim har xil xarakterga ega. Temperamentga qarab, biz metodika tanlaymiz. Tanbeh bermasang mashq qilishni boshlamaydigan odamlar bor. Yana shunday odamlar borki, ularga ovozingizni ko‘tarsangiz, u qandaydir tushkunlikka tushadi. Murabbiyning vazifasi nafaqat oyoq-qo‘l bilan urishni o‘rgatish. Umuman olganda, murabbiy — psixologdir.

— Hal qiluvchi jangdan oldin Ulug‘bekka qanday motivatsiya berdingiz?

— «Vatanimiz uchun kurashyapmiz», deb motivatsiya berdim. Ertalab uyg‘onganimizda: «Bugun biz tarix yaratadigan kun», dedim. O‘zbekiston tarixida taekvondodan bitta ham medal bo‘lmagan. Olimpiya o‘yinlarida 2004 yildan beri qatnashib kelamiz. Men doim Olimpiada sovrindori va chempionini tarbiyalashni orzu qilardim. Aynan o‘zim birinchi bo‘lishni xohlagandim. Endi orzuim amalga oshdi. Lekin biz erishgan yutug‘imiz bilan cheklanib qolmaymiz.

Biz uchun faqat final emas, har bir jang muhim. Men Ulug‘bekka «Sen 19 yoshdasan. Koreyalik sportchi Li De Xun (nimchorak finalda Rashitovning raqibi bo‘lgan — tahr.) 10 yildan beri yuqori pog‘onada. Bo‘ldi, unga shu yetadi. Sening davring keldi va sen uddalashingga ishonaman», deb aytdim.


Ulug‘bek Rashitov finaldagi g‘alabasidan so‘ng. Foto: MOQ.

Ikkinchi raunddan keyin hatto 15:4 hisobida yutqazayotgan edik. Bunday jangda uch karra jahon chempionidan g‘oliblikni tortib olish imkonsiz. Men o‘sha paytda Ulug‘bekka baqirganim yo‘q. Men unga: «Ula, atigi 15:4, hechqisi yo‘q!» deb aytdim. Agar men baqirganimda, tanbeh berganimda yoki oldinga surganimda, ehtimol yutmagan bo‘lardi. O‘sha paytda u o‘z kuchiga ishonishi kerak edi.

— Ulug‘bek finalda g‘olib bo‘lganida nimalarni his qildngiz?

— Avvaliga men hech narsani his qilmagan bo‘lsam kerak. Ikki-uch kun biz nima bo‘layotganini, Olimpiya chempioni ekanligimizni tushunmasdik. Medal qo‘limizda edi va biz shuncha intilgan narsa amalga oshganini tushunardik. Lekin ishongimiz kelmasdi.

Bu faqat Ulug‘bekning yoki mening g‘alabam emas, balki bu yutuqqa erishishimizda bizga yordam bergan insonlarning g‘alabasi: mamlakat milliy terma jamoasi, sparring-sheriklar, massajchi terapevtlar, murabbiylar, shifokorlar, assotsiatsiya prezidenti Sherzod Toshmatov va hatto bizning assotsiatsiyamizni tozalovchilar ham o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Bu butun O‘zbekistonning g‘alabasi. Yurtimizda sportga bo‘lgan munosabat qandayligini bilaman. Davlat bizga shunday sharoitlar yaratib berganki, biz ushbu ishonchni oqlashimiz kerak edi.

— G‘alaba va mag‘lubiyat — juda ehtirosli onlar. Ehtiroslarni qanday jilovlash mumkin?

— Sport — «har doim ham chempion» degani emas. Olimpiya o‘yinlari yo‘lida ikkita oraliq start bor edi. Turkiyada turli raqiblar bilan kuch sinashdik, turli xil taktikalarni qo‘lladik, xuddi yakuniy repetitsiya singari.


Keyingi yil Osiyo o‘yinlari. Ulardan oldin g‘alaba kerak bo‘lmagan ko‘plab oraliq startlar bo‘ladi. U yerda ikkita jang o‘tkazib, musobaqadan tushish zarur.

Eng muhimi, sportchini jismoniy holatining eng yuqori darajasiga olib chiqish kerak. Inson mashina emas, u yil davomida eng yuqori formada bo‘la olmaydi.

— Endilikdagi rejalaringiz qanday?

— Ayni paytda chempionimiz dam olmoqda. U mashg‘ulot o‘tkaza olmayapti, chunki har kuni televideniye va boshqa joylarga chaqirishadi. lar bor. Biz buni ma’qullaymiz, lekin Taekvondo assotsiatsiyasi raisi aytganidek: «Bu endi tarix. Biz bu medalni qo‘lga kiritdik. Yana oldinga qarab yuramiz».

Rejalar katta. Hech bo‘lmaganda takrorlash va bundanda yaxshiroq natija ko‘rsatish. Biz natijamizni ikki va uch baravar oshirishga harakat qilamiz.

Yaqin kunlarda «Gazeta.uz» Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari va sovrindorlari murabbiylari bilan intervyularni e’lon qilib boradi.