O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 28 avgust kuni tarmoqlarda «O‘zbekistonda qonun yo‘q — prokuror qabuliga borganlar g‘alayon ko‘tardi» nomli videolavha tarqalgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ta’kidlanishicha, 25 avgust kuni Chiroqchi tumani «Tarag‘ay» mahallasida yashovchi fuqaro A.B. mast holatda o‘g‘li bilan janjallashib, o‘g‘liga og‘ir tan jarohati yetkazib, o‘limiga sababchi bo‘lganligi holati yuzasidan JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari tuman ichki ishlar boshqarmasi tergovchilari ish yurituviga olingan.

Jinoyatning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va kelgusida shu kabi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida 27 avgust kuni soat 18 larda tumanning 4-sektor hududida joylashgan «Tarag‘ay» mahallasidagi 27-sonli maktab binosida «Tarag‘ay» va unga qo‘shni bo‘lgan «Langar» mahallalari faollari ishtirokida tuman va viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan muhokama yig‘ilishi belgilangan.

Mazkur yig‘ilish ichki ishlar organlari tomonidan tashkil etilib, yig‘ilishda prokuratura vakillarining ishtiroki nazarda tutilmagan.

Shu bilan birga, joriy yil 25 iyun kuni «Langar» MFY «To‘laqul» qishlog‘ida fuqaro J.A. qo‘shnisi — homilador N.J.ga nisbatan kuch ishlatib, uni jinsiy aloqa qilishga undaydi. Biroq yuzaga kelgan holatda o‘z nomusini himoya qilgan ayol yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan J.A.ga bir marotaba zarba urib, uni o‘ldiradi.

Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari davomida marhum J.A.ning o‘limi holati yuzasidan Chiroqchi tuman prokurori tomonidan Langar qishlog‘ida aholi va jabrlanuvchilar bilan 2 marotaba uchrashuv o‘tkazilgan, marhumning yaqinlari tuman prokuraturasida 3 marotaba qabul qilinib, ularning jinoyatga N.J.ning akasi va otasining ham aloqasi borligi haqidagi tahminlari dastlabki tergovda tekshirilib, o‘z tasdig‘ini topmagan.

Marhum J.A.ning o‘limi holati yuzasidan tergov harakatlari ustidan viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Shunga qaramasdan, 27 avgust kuni kuni ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan «Tarag‘ay» mahallasida umuman boshqa jinoyat ishi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishga, marxum J.A.ning qarindoshlari o‘zboshimchalik bilan kelishib, jamoat tartibini buzib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga nisbatan tuxmat va xaqoratamuz iboralarni ishlatib, prokuror qabul qilishini talab qilib, «viloyat prokuraturasi majlisga kelaman deb kelmadi», degan asossiz vajlar bilan, videolavhalarni internet tarmoqlarida tarqatib yuborishgan.

Videolavha orqali huquqni muhofaza etuvchi organlarni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlarga qonuniy baho berilishi ta’minlanadi.