O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasi Tokio-2020 o‘yinlari davomida yana 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Milliy paralimpiya qo‘mitasi.

Ayollar o‘rtasida para-yengil atletikaning nayza uloqtirish turida F13 klassida Nozimaxon Qayumova 42.59 metr natija bilan chempion bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, Nozimaxon Qayumova Rio paralimpiadasida ham jamoa hisobiga oltin medalni yozib qo‘ygan edi.


Bundan tashqari, yana bir oltin medal Mohigul Hamdamova tomonidan ham qo‘lga kiritildi. F57 toifasida disk uloqtirish bahsida qatnashgan Hamdamova 31.46 metr natijani qayd etib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tardi.

Milliy paralimpiya qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, ushbu dasturda ishtirok etgan boshqa sportchilarning birortasi bu ko‘rsatkichga yaqin ham kela olmagan.


Shu kuni para-yengil atletikaning F12 toifasida Elbek Sultonov ham yadro uloqtirish bahslariga kirishgan edi. U 15.94 metr natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.


Shu bilan hozirda jamoa hisobiga 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali yozib qo‘yildi. Natijada umumjamoa hisobida O‘zbekiston 12 o‘ringa ko‘tarildi.

Bunga qadar, Para-dzyudochi Uchqun Quronboyev -66 kg vazn toifasida birinchi o‘rinni egallab, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarining oltin medaliga ega chiqqani haqida yozgandik.