Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi tug‘uruqxona hamshirasining sochidan tortib, kuch ishlatgan erkak qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlandi. Jinoyat ishi bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgani qo‘shimcha qilingan.

SSVning vaziyat bo‘yicha bergan ахборотига ko‘ra, tug‘ruqxona tibbiy bo‘limi akusher-ginekologiga kuch ishlatgan shaxs — 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. sobiq ichki ishlar organi xodimi bo‘lgan.

«Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi haqiqatan 1998−2002 yillarda ichki ishlar organlarida xizmat qilib, surunkali ravishda xizmat intizomini buzgani hamda ichki ishlar organlari xodimiga nomunosib xatti-harakatlari uchun ishdan xaydalgan», — deyiladi SSV xabarida.

Avvalroq, holat tafsilotlari haqida batafsil yozgan edik. Unga ko‘ra, fuqaro S.S.ning nevarasi nuqson bilan tug‘ilishi natijasida, shifokorlar ko‘rsatgan yordamga qaramasdan, 70 foiz o‘pka yetishmovchiligi bilan vafot etgan. Shundan so‘ng, fuqaro chaqaloqni tug‘dirib olishda qatnashgan shifokor Yu.A. ning oldiga borib, uni sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.