O‘zbekiston Kobul shahrida sodir etilgan va ko‘plab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan terroristik xurujlarni qat’iyan qoralaydi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

«Afg‘onistondagi barcha tomonlarni milliy yarashuv va kelishuvga erishish, ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi manfaatlari yo‘lida mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida bosiqlik va konstruktiv yondoshuv namoyon etishga chorlaymiz», — deyiladi TIV bayonotida.

Xabarda shuningdek, ushbu shafqatsiz hujumlarda qurbon bo‘lganlar va jabr ko‘rganlarning oilalariga hamdardlik ham izhor etilgan.

«O‘zbekiston bundan keyin ham afg‘onlararo siyosiy jarayonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, Afg‘onistonda tinchlik-osoyishtalik va farovonlikka erishishda keng ko‘lamli yordam ko‘rsatishda davom etadi», — deyiladi unda.

New York Times va CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Kobuldagi xudkushlik portlashlarida 170 ga yaqin kishi, jumladan 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. 200 dan ortiq shaxs jarohatlangan. «Islom davlati» Afg‘oniston poytaxtida sodir bo‘lgan terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. AQSh prezidenti Jo Bayden ular qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar ID rahbarlari va obyektlariga qarata zarba berishni buyurdi.