O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deb xabar qildi «O‘zbekistan 24» telekanali.

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida imzolangan hujjat bilan 215 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari jazodan to‘liq ozod qilindi, 127 nafari — jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi, 12 nafariga esa tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtirildi. Bir so‘z bilan aytganda 142 nafar shaxs ozodlikdan mahrum qilish joylaridan yaqinlari bag‘riga qaytarildi.

Shuningdek, 73 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum etish jazosi qisqartirildi, yana bir mahkumning jazosi ozodlikni cheklash shaklidagi jazo turiga o‘zgartirildi.

Afv etilganlarning 14 nafarini ayollar, 12 nafarini 60 yoshdan oshganlar, 69 nafarini xorij fuqarolari hamda 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Afv etilganlarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar hamda hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.

O‘tgan yili mustaqillikning 29 yilligi arafasida prezident 113 nafar shaxsni afv etgan edi.

Umuman, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda 16 marta afv e’lon qilinib, 4965 nafar shaxs kechirilgan.