Uzbekistan Airways aviakompaniyasi gibrid modelga asoslangan aviatashuvlarni yo‘lga qo‘ymoqda, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Yangi modeldagi aviatashuvlar «Uzbekistan Express» nomi ostida aviakompaniyadagi mavjud liniyalarda parvozlarni amalga oshiradi.

Uzbekistan Express respublika ichidagi va mintaqalararo aviatashuvlarga ixtisoslashadi. Ilk parvoz 30 avgust kuni «to‘liq iqtisodiy klass»ga (ekonom) o‘tkazilgan Airbus A320 havo kemasida Toshkent-Moskva-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ushbu model bo‘yicha kelajakdagi parvozlar marshruti Rossiya va Qog‘ozistonning muhim shaharlarini qamrab oladi: Moskva, Novosibirsk, Qozon, Rostov-na-Donu, Krasnodar, Sochi, Mineral Suvlar, Yekaterinburg, shuningdek Oqtou va Oqto‘be.

Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, aynan bizness-klassga talab kuchli bo‘lmagan yo‘nalishlarda havo kemalari modifikatsiya qilinadi va yo‘lga qo‘yiladi. Yangilangan havo kemalarning sig‘imi kengayganligi sababli Uzbekistan Airways qayta jihozlangan avialaynerlar uchuvchi ayrim yo‘nalishlar uchun tariflarni 20%ga arzonlashtiradi, deyiladi xabarda.

Hozirda Uzbekistan Airways flotida ikkita qayta jihozlangan havo kemalari mavjud. Biroq, yaqin orada yana ikkita samolyotni rekonfiguratsiya qilish rejalashtirilgan.

«Bugunning o‘zida Uzbekistan Airways ovqat taqdim qilmaydigan va bepul yuk o‘tkazish imkoniyatini bermaydigan, shuningdek reysdan oldin va keyin chiptani qaytarish imkoniyati bo‘lmagan klassik loukost-tashuvchilarga qaraganda eng qulay sharoitlarni yaratgan», — deya ta’kidlaydi kompaniya matbuot xizmati.

Gibrid modeldagi aviatashuvlar faoliyati boshlanishi bilan yuqorida ta’kidlab o‘tilgan liniyalar bo‘yicha qoidalar joriy qilinmoqda.

Yuk olib o‘tish va aviachiptalarni qaytarish imkoniyati bo‘lgan tariflarda yuk olib o‘tish normasi quyidagicha:

  • 1 ta yuk joyi — 15 kgdan yuqori bo‘lmagan va uchta o‘lchov summasi bo‘yicha 158 sm;
  • 1 ta yuk joyi — 2 yoshgacha bo‘lgan va havo kemasida joy olmaydigan bolalar uchun 5 kgdan yuqori bo‘lmagan va uchta o‘lchov summasi bo‘yicha 115 sm.

Yuk olib o‘tish va aviachiptalarni qaytarib berish shartlari bo‘lmagan tariflar uchun bepul yuk olib o‘tib bo‘lmaydi.

Qaytarish:

  • reys uchishidan oldin YQ yig‘imi (yoqilg‘i uchun yig‘im) va aviatashuvning foydalanilmagan hududlari bo‘yicha chop etilgan aeroport yig‘imlari,
  • reys uchganidan so‘ng faqatgina aviatashuvning foydalanilmagan hududlari bo‘yicha chop etilgan aeroport yig‘imlarini qaytarish mumkin;

Qayta bron qilish/qayta rasmiylashtirish:

  • reys uchishidan oldin — belgilangan yig‘imni to‘lash sharti bilan ruxsat beriladi;
  • reys uchganidan so‘ng — ta’qiqlangan.

Barcha tariflar uchun qo‘l yukini olib o‘tish normasi mavjud:

  • 1 ta joy (5 kggacha va uchta o‘lchov summasi bo‘yicha 115 sm).

Uzbekistan Express aviachiptalarini uzairways.com rasmiy saytida, Uzbekistan Airways Sales filiallarida yoki aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin.