Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

  • Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga,
  • Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga,
  • Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar (shundan, 578,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga,
  • Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar (shundan, 1 090,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga,
  • Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar (shundan, 1 002,6 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga o‘tkazildi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Senat xabarida Toshkent shahri aholisi soni 2021 yil 1 iyul holatiga 2,7 mln kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga o‘sganligi ta’kidlanadi.

«Toshkent shahri aholisi sonining yil sayin oshib borishi shaharda yangi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rishni talab etadi. Bu kabi muammolar Toshkent shahri hududini bosqichma-bosqich kengaytirish orqali amalga oshirilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Senat qarori bilan Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tayotgan hududlarda 42 ta mahalla mavjud bo‘lib, bugungi kunda ushbu hududlarda 95 872 nafar aholi (23 249 ta oila, 29 010 ta xonadon mavjud) istiqomat qiladi. Ushbu hududlarda 15 ta (2025 o‘rinli) maktabgacha ta’lim tashkiloti, 16 ta (8756 o‘rinli) umumta’lim maktablari va 6 ta oilaviy poliklinika mavjud. Shu bilan birga, 1 421 ta kichik tadbirkorlik subyekti sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida faoliyat yuritmoqda.

«Toshkent viloyati hududidan Toshkent shahriga yer maydonlari o‘tkazilishi natijasida aholi turmush sharoiti yanada yaxshilanib, ishlab chiqarish
va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shahar eksport salohiyatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi obyektlarini yanada yaxshilashga olib keladi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan hududlarni muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish bo‘yicha Hukumatning alohida qarori qabul qilinishi belgilanmoqda.

Hukumat qarori bilan Toshkent viloyati va shahrining bir-biriga o‘tkazilayotgan hududlarida yashovchi aholi xatlovdan o‘tkazish orqali yangi manzil bo‘yicha qayta ro‘yxatga olinadi. Viloyat va shahar mahalliy byudjetining hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari qayta ko‘rib chiqilib, tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklari kadastr hujjatlariga o‘zgartirish kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqamlarini o‘zgartirish va guvohnoma berish kabi masalalar hal etiladi.

Nozik masala

O‘tgan yili Toshkent va Toshkent viloyati tutash tumanlarining hududiy tuzilmasini o‘zgartirish bo‘yicha loyiha jamoatchilikda ko‘plab savollar tug‘dirgan edi. Prezident matbuot xizmati aholi qulayligi uchun 1010 gektarlik poytaxt yer maydonlarini Toshkent viloyati tasarrufiga va 8371 gektarlik viloyat yer maydonlarini poytaxt hududiga o‘tkazish rejalashtirilganligi haqida xabar bergan edi. Taklif davlat rahbari Shavkat Mirziyeyov tomonidan ma’qullandi.

Qurilish vaziri Botir Zokirov tomonidan taqdimot qilingan loyiha bilan Toshkent shahridagi Sergeli va Uchtepa tumanlari hududlarining bir qismini, shuningdek Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ulug‘bek shaharchasini Toshkent viloyatining Zangiota va Qibray tumanlariga o‘tkazish kutilayotgan edi. Vazir poytaxt chekkasida, ya’ni Sergeli tumanidagi sanoat hududlari joylashgan, Toshkent avtomobil halqa yo‘li bo‘ylab 37 gektarlik yer maydonini Toshkent viloyatiga o‘tkazish rejalashtirilganini ta’kidlagan edi.

O‘zgarishlar taalluqli bo‘lgan Toshkent mahallalari aholisi ushbu qarorga qarshi chiqishdi. «Gazeta.uz» Uchtepa, Ulug‘bek shaharchasi va Sergeli tumani aholisi imzo qo‘ygan petitsiyalar haqida yozgan edi. Natijada loyihani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Dekabr oyining oxirida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2021 yilda Toshkentning hech qaysi qismi Toshkent viloyatiga o‘tmasligini ta’kidlagan edi.

23 iyul kuni Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi Toshkentning to‘rtta tumani chegaralarini o‘zgartirishni ma’qulladi.