Ekologiya sohasidagi qonunlar qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Senat raisi Tanzila Narbayeva yuqori palata yig‘ilishida ma’lum qildi.

«O‘tgan galgi majlisimizda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bo‘yicha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining axboroti tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilib, qo‘mita faoliyati qoniqarsiz deb topilgan edi. Xabaringiz bor, ushbu masala davlatimiz rahbari huzuridagi videoselektor yig‘ilishida ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, daraxtlar kesilishiga joriy qilingan moratoriy muddati 2024 yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi ta’kidlandi», — dedi Narbayeva.

Senat raisi bu borada hamma mas’uliyatni kuchaytirib, natijaga ishlashi kerakligini ta’kidladi. «Ekologiya sohasida javobgarlikni kuchaytirish nuqtai nazaridan amaldagi qonunlar qayta ko‘rib chiqiladi», — deya ta’kidladi u.

«Atrof-muhit muhofazasi, xususan daraxtlarni asrash, yashil hududlarni kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlash kabi qator yo‘nalishlarda hududiy mutasaddilarning hisobotlarini muntazam eshitib borish orqali ularning faoliyatiga baho berish (kerak bo‘lsa lavozimdan chetlashtirish) maqsadga muvofiq», — dedi Tanzila Narbayeva.

Eslatib o‘tamiz, 24 avgust kuni prezident raisligidagi yig‘ilishda sohadagi tizimli muammolar hal qilinmagani va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi.