Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida faollar bilan uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat masalasiga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz.

«Afg‘onistondagi vaziyat hammamizni o‘yga solishi tabiiy. Xavotir olmanglar, mudofaa qudratimiz har qanday vaziyatga tayyor, vaziyatni nazorat qilib turibmiz. Lekin meni o‘ylantirgani — ular bizning jonajon qo‘shnimiz, ular ham ko‘chib keta olmaydi, biz ham. Mana, kechadan boshlab jafokash afg‘on xalqiga ko‘mak bo‘lish maqsadida Hayraton ko‘prigini vaqtincha ishga tushirdik. Chunki Afg‘oniston xalqi hozir yordamga muhtoj, agar ular tinchlik sari harakat qilsalar, biz ularga ko‘makchi bo‘lamiz», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston boshqa davlatlardan kelayotgan oziq ovqatni poyezdlar orqali Afg‘onistonga yetkazib beradi, o‘zi ham bunga hissa qo‘shadi. «Chunki Mozori Sharif shahriga yagona temiryo‘l biz orqali o‘tadi», — dedi u.

«Tolibon bilan kecha yoki bugun emas, hali hech qaysi davlat ular bilan gaplashmaganida, ikki yil oldin ular bilan muloqot qilishga topshiriq bergan edim. Televizorda ko‘rgan bo‘lsangiz, ularning Dohadagi rahbari Mulla Abdul G‘ani Barodar janobi oliylari ham o‘shanda O‘zbekiston xalqiga, O‘zbekiston tomoniga birorta o‘q otilmasligi bo‘yicha va’da bergandi. Va’dasiga vafodor bo‘lib turgani uchun ham ular bilan muloqot qilishimiz tabiiy», — dedi prezident.

Menga xalqimning tinchligi kerak, osoyishtaligi kerak. Kim bo‘lishidan qat’i nazar ular bilan muloqot qilaman. Faqat va faqat o‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar gaplashaman", — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Men shunday voqea bulishini ikki yil oldin bilgan edim», — deya qo‘shimcha qildi u.