Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Markaziy harbiy okrugining «Forish» poligonida o‘tkazilayotgan musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi peshqadamlik qilmoqda, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston poligoni ArMI-2021 «Harbiy-tibbiy estafeta» va «Dala oshxonasi musobaqa"larini o‘tkazish uchun maydonga aylandi. Harbiy tibbiy estafeta musobaqasida sakkizta jamoa qatnashadi: Belarus, Vetnam, Xitoy, Myanma, Falastin, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston, «Dala oshxona» musobaqasida — beshta: Belarus, Vetnam, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston.

«Harbiy tibbiy estafeta» da kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari va haydovchilar 400 m uzunlikdagi to‘siqlarni yengib o‘tish bo‘yicha kompleks mashqlarni bajarishdi.

Ishtirokchilar granata otish, AK-74 avtomatini to‘liq bo‘lmagan qismlarga ajratish va yig‘ish, sun’iy to‘siqlarni yengib o‘tish, tunnel, labirint va ma’lum balandlikdagi yo‘l bo‘ylab o‘tish, zigzaglar, o‘q qutilarini bir joydan ikkinchisiga ko‘chirish kabi bir qator mashqlarni bajarishdi.

Birinchi o‘rinni O‘zbekiston jamoasi, ikkinchi o‘rinni Xitoy terma jamoasi egalladi, Rossiya terma jamoasi uchinchi o‘rinda bo‘ldi.

Terma jamoa a’zolari o‘tgan o‘yinlar rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lishdi: haydovchi kichik serjant Muxiddin Teshayev (2 daqiqa 27,1 soniya) va kichik serjant Valijon Begaliyev (2 daqiqa 24,2 soniya). Kichik serjant Shohida Rahimova ham 2 daqiqa 48,1 soniya natijasi bilan musobaqaning yangi rekordini o‘rnatdi.

«Shaxsiy mahorat» yakkalik bahslarining mazkur shartiga ko‘ra, birinchi o‘rinni Rossiya Federatsiyasi jamoasi vakili oddiy askar Aldar Arsenov, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasidan kichik serjantlar Zafarbek Ro‘zmetov va Muhiddin Teshayev qo‘lga kiritdi.

«Shaxsiy mahorat» musobaqasi natijalariga ko‘ra, umumiy mudofaa bahslarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi, ikkinchi — Rossiya, uchinchi o‘rinni — Xitoy terma jamoasi egalladi.

Musobaqaning keyingi kuni harbiy shifokorlar simulyatsiya vositalarida ishlash bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatdilar. Xususan, jamoalar vakillari mazkur nuqtada konikotomiya (traxeyaga tashqaridan havo yuborish), torakosentez (plevra bo‘shlig‘idan havo chiqarish), yurak-o‘pka reanimatsiyasi, tomirga dori vositasini yuborish mashqlarini bajarishdi.

Mazkur bellashuvning yakuniy natijalariga ko‘ra, erkak vrach mutaxassislar o‘rtasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi vakillari peshqadam bo‘lishdi. Jumladan, tibbiyot xizmati katta leytenantlari Hamrobek Qurbonboyev, Sanjarbek A’zamov hamda tanlovdan tashqari ishtirok etayotgan Elyor Quvondiqov barchadan yuqori ball to‘plab, kuchli uchlikni band etgan.

Ayollardan tibbiyot xizmati katta leytenanti Aziza Qurbanova hamda tibbiyot xizmati mayori Larisa Xolmamatovalar birinchi va ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Rossiya Federatsiyasi vakili tibbiyot xizmati katta leytenanti Yuliya Blagodirga nasib etdi.

«Dala oshxonasi» musobaqasining ikkinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston mutlaq ustunlik qildi, Rossiya ikkinchi, Belarus uchinchi o‘rinni egalladi. Jamoalar berilgan 4 soat davomida baliq mahsulotlaridan qovurilgan, qaynatilgan hamda dimlangan holda taom tayyorlashdi. Shuningdek, qo‘shimcha ballarni to‘plash uchun gazak hamda sharbat tayyorlab taqdim etishdi.

«Xavfsiz marshrut» tanlovi Rossiyaning Tyumen viloyatida bo‘lib o‘tadi. G‘alaba uchun Belarus, Misr, Venesuela, Laos, Vetnam, Rossiya, Hindiston va O‘zbekiston jamoalari kurashmoqda.

Musobaqa shartlariga ko‘ra, dastavval jamoa a’zolari jangovar harakatlarda muhandislik razvedka dozorining muhandislik ta’minoti bo‘yicha vazifalarni amaliy bajarish, 12 metr balandlikdagi vertolyot maketidan arqon orqali tushish, osma ko‘prikdan yugurib, to‘rli devordan oshib o‘tish, ikki qavatli binoni ishg‘ol qilish kabi vazifalarni bajarishdi.

Shundan so‘ng, harbiy xizmatchilarimiz simli to‘siq ostidan emaklab o‘tish, 18 metr masofa uzoqlikda o‘rnatilgan sim to‘siqni portlatish, muhandislik razvedka anjomlarini oqilona qo‘llash, tanklarga va piyodalarga qarshi minalarni qidirib topish va zararsizlantirish kabi bosqichlardan ham mohirlik bilan o‘tishdi.

«Tank biatloni» musobaqasi Rossiyaning Moskva viloyatidagi Alabino poligonida bo‘lib o‘tmoqda. 25 avgust kuni O‘zbekiston birinchi divizionining ikkinchi ekipaji a’zolari Rossiya va Xitoy vakillari bilan bir guruhda chiqish qilishdi.

Mazkur musobaqada T-72B3 tankini mohirlik bilan boshqarish, to‘siqlardan betalafot o‘tish, belgilangan nishonlarni yakson qilish va imkon qadar qisqa muddatda finish chizig‘iga yetib kelish vazifasi yuklatildi.

Leytenant Shaxzod Mamadiyorov boshchiligidagi O‘zbekiston ekipaji avvalgi ekipaj qayt etgan natijadan 1 daqiqayu 36 soniya tezroq farq bilan finish chizig‘iga yetib keldi. Ekipaj mexanik-haydovchisi katta serjant Karimbek O‘rinov T-72B3 tankini umumiy hisobda 72 km/soat tezlikkacha chiqara oldi. Rossiyalik tankchilar ekipaji 19 daqiqayu 18 soniyada finishga yetib keldi. Xitoy jamoasi esa 20 daqiqayu 13 soniya natija qayt etdi. Vakillarimiz startdan finishgacha 22 daqiqayu 35 soniya vaqt sarflashdi.