Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi roddomda xamshiraning sochidan tortib sudrab chiqayotganligi aks etgan videolavha tarqaldi.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov izoh berishicha, holat yuzasidan Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat to‘g‘risida axborot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 25 avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Nursuh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S. (1998 y. t.) tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limiga qabul qilinib, 26 avgust kuni soat 16:00 larda og‘ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.

Tug‘ruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.N. lar qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo‘lishi buzilgan va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Natijada go‘dak to‘liq rivojlanmagan organlar bilan tug‘ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o‘pkasi 70 foizga rivojlanmagan.

Chaqaloqqa ko‘rsatilgan yordam samara bermay u 27 avgust kuni soat chamasi 12:20 da vafot etgan. Shundan so‘ng chaqaloq murdasi va tibbiy xujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan.

Shifokor H.N. chaqaloq vafot etganligi sababli shu kuni soat chamasi 12:30 larda go‘dakning buvasi, fuqaro S.S. ni chaqirib, unga vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan. Biroq S.S. muassasa tug‘ruq bo‘limining vrachlar xonasida tug‘ruq tarixlarini yozib o‘tirgan va tug‘ruqni olib borgan Yu.A. ning oldiga borib, uni sababsiz sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu zo‘ravonlik harakatini sodir etgan shaxs, ya’ni fuqaro S.S. (1971 y.t.) o‘z vaqtida ichki ishlar organlari tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan.

Tibbiy tekshiruv davomida jabrlangan shifokor Yu.A.ga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda shifokor tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam markazi jarrohlik bo‘limida davolanmoqda.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratga olgan mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.