Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Karmana tumanidagi yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish marosimida energetika sohasidagi vazifa va rejalarni aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident ta’kidlashiga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda elektr energiyasi iste’molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste’mol hajmi esa 30 foizga ko‘paygan.

«Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotimiz o‘sishini 1,5 barobarga oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 100 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Bu borada o‘rta va yirik shakldagi minglab yangi sanoat korxonalari ishga tushirilib, elektr energiyasiga ehtiyoj 100 milliard kiloVatt soatga yetadi. Bu raqam — hozirgidan 30 milliard kiloVatt soatga ko‘p degani», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek kelgusi 5 yilda qiymati 6,5 mlrd dollar bo‘lgan 19 ta loyiha hisobidan, qo‘shimcha ravishda 11 ming 500 megaVatt yangi quvvatlar ishga tushiriladi. 2030 yilga borib, elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 30 foizdan ortadi, deya ma’lum qildi davlat rahbari.

Bundan tashqari, elektr energiyasini hududlarga yetkazish uchun 500 va 220 kilovoltli 3 ming kilometr yangi elektr tarmoqlari barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat rahbari ta’kidlashiga ko‘ra, bugungi kunda past kuchlanishli tarmoqlarning 66 foizi, podstansiyalarning 74 foizi va transformator punktlarining 50 foizdan ko‘prog‘i eskirgan. Shuning uchun kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator va 100 dan ortiq podstansiyalar to‘liq yangilanadi, dedi u.

«Keyingi paytda qo‘shni mamlakatlar bilan yagona energetika zanjirini tashkil etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Shu maqsadda, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Eng muhimi, mintaqamiz mamlakatlari energiya tizimini o‘zaro bog‘laydigan qo‘shimcha magistral tarmoqlarni ishga tushiramiz», — deya ta’kidladi prezident.