Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus infeksiyasi holatlarini o‘rganish natijalarini e’lon qildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, koronavirus holatlari ulushining 82% ini “delta” shtammi tashkil etadi. Bu butun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni “alpha” (10,3%) va 20A (7,7%) shtammlari egallashdi.

Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahloxon Turdiqulova e’lon qilingan ma’lumotlarga izoh berishicha, so‘nggi haftalarda koronavirusning “delta” varianti umumiy kasallanishlar sonining beshdan to‘rtidan oshgan.

“„Hind shtammi“ deb nomlanuvchi virus turi „Uxan“ va „Britaniya“ versiyalariga qaraganda ko‘pincha kasallikning og‘ir shakllariga olib kelishi havotirga soladi. Bu umuman epidemiologik manzarani tubdan o‘zgartiradi: afsuski, simptomsiz holatlar kamroq uchramoqda va inkubatsiya davri qisqarib, sog‘liq uchun jiddiy oqibatlar xavfini kuchaytiradi. Biroq yaxshi yangiliklar ham bor: tadqiqotlarimiz shuni tasdiqlaydiki, hozirgi vaksinalar yangi shtammlarga qarshi samarali”, — deydi u.

Ta’kidlanishicha, emlanganlar kamdan-kam hollarda kasallikka uchragan taqdirlarida ham, inson tanasida virus mutatsiya qila olmasligi sababli COVID-19'ni yengil o‘tkazadi. “Buni 24 avgust kuni olingan ZF-UZ-VAC2001 preparati sinovlarining uchinchi bosqichi natijalari ham tasdiqlaydi”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida O‘zbekistonda koronavirusning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri “hindcha” shtamm aniqlangan edi.

Shuningdek, yanvar oyida O‘zbekistonda koronavirusning “britancha” shtammi, aprel oyida esa “Janubiy Afrika” shtammi aniqlanganligi haqida xabar berilgan edi.