AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni Kobuldagi terakt munosabati bilan murojaat bilan nutq so‘zladi. Afg‘oniston poytaxtida yuz bergan portlashlar oqibatida kamida 100 kishi, jumladan 13 AQSh askari halok bo‘ldi. Hujum uchun javobgarlikni «Islomiy davlat» (ISHID) terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi.

«Bu hujumni uyushtirganlar, Amerikaga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlar bilib qo‘ying: biz kechirmaymiz. Biz unutmaymiz. Biz sizni qidirib topamiz va javob berishga majbur qilamiz», — dedi Oq uy rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u ISHID rahbarlari va obyektlari qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, ularga zarba berish rejalarini tayyorlashga buyruq bergan. «Biz tanlagan vaqtda, joy va lahzada kuch va aniqlik bilan javob qaytaramiz», — dedi Jo Bayden.

Amerika prezidentining aytishicha, oxirgi 12 soat ichida Kobul aeroportidan 7000, 15 avgustdan beri 100 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. U teraktlarga qaramay AQSh evakuatsiyani yakunlashga va’da berdi.

Jo Bayden, shuningdek, harbiylar bilan maslahatlashganidan keyin Afg‘onistonga qo‘shimcha kuchlar yubormasligini aytdi. U Afg‘onistonda sodir bo‘lgan hamma narsa uchun «prinsipial javobgarlikni» o‘z zimmasiga oldi va mamlakatdan qo‘shinlarni olib chiqish qaroridan afsuslanmasligini yana bir bor ta’kidladi.

«Biz tarixda hech qachon birlasha olmagan mamlakat — Afg‘onistonda demokratiyani o‘rnatishga urinish uchun amerikaliklarning umrilarini qurbon qilishga majbur emasmiz», — dedi Oq uy rahbari.