UzReport kanalida e’lon qilingan videoda Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilgan ayol IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zini vazir o‘rinbosarining ikkinchi xotini ekanligini aytib janjal ko‘targanligi aks etgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan.

Toshkent shahar IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, 30 iyul kuni Uchtepa tumani, KXAY ko‘chasi, Jahon tillari universiteti qarshisida o‘tkazilayotgan maxsus reyd tadbirida YPX inspektori tomonidan oq rangli «Nexia-3» rusumli davlat raqami 01 X 743 DB bo‘lgan avtoulovga to‘xtash ishorasi berildi, biroq haydovchi YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan o‘z harakatini davom ettirgan.

Ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida mazkur transport vositasi KXAY va Farxod ko‘chalari kesishmasida to‘xtatiladi. YPX inspektori tomonidan tekshirilganda transport vositasi haydovchisi 1996 yilda tug‘ilgan E.Madina avtotransport vositasini texnik qayd etish guvohnomasidan tashqari boshqa xujjatlarni taqdim eta olmaganligi aytiladi.

Javobgarlikdan qochib qutulish maqsadida E.Madina va uning ukasi E.Umid (1999 yilda tug‘ilgan) IIO xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilib, janjal ko‘targan.

«Men «zamministr»ning ikkinchi xotini bo‘laman. Hozir telefon qilaman, mana shu kamerangiz uchun javob berasiz», — deydi ayol YPX xodimlariga hujjatlarini taqdim etishdan bosh tortib.

Uning ukasi esa operator va YPX xodimlariga qo‘pollik qilgan: «Sindirib tashlayman, foyda bermaydi formangiz ham». Undan hujjatlar so‘ralganda, «Toshkent fuqarosiman» deb javob berib, hujjatlari o‘zi bilan emasligini aytadi.

Videoning to‘liq versiyasida ichki ishlar organi xodimi fuqaro E.Madinadan «Siz kimsiz? Ayol kishimisiz? 12:30 ko‘chada nima qili yuribsiz kechqurun», deb so‘raydi.

Ushbu fuqarolarga nisbatan MJtKning tegishli moddalariga asosan mamuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtoulov vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llanilgan, deyiladi xabarda.

«O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida E.Madinaning hech kaysi vazir o‘rinbosariga aloqasi yo‘qligi aniqlandi», — deya ta’kidlanadi IIBB bayonotida.

«Shu o‘rinda fuqarolarga eslatib o‘tamiz, birovning nomini sotib, o‘zini kimningdir qarindoshi deb tanishtirish, janjal ko‘tarish orqali javobgarlikdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Qonun oldida barcha barobar», — deyiladi xabarda.

Video