Tez orada poytaxt metro bekatlarida barcha aloqa kompaniyalaridan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Transport vazirligi va «Toshkent metropoliteni» DUK mutasaddilari ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Hozirda metropolitenning barcha bekatlarida USELL kompaniyasiga ulangan mobil telefonlar ishlaydi va bepul internet tarmog‘i (Wi-Fi) yo‘lga qo‘yilgan.

Metropoliten mutaxassislari tomonidan boshqa mobil aloqa operatorlarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi aytildi.

Shuningdek, Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va tezkor muloqotni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligi aytildi.

Shu maqsadda, yaqin kunlarda «Metropoliten — yo‘lovchi» portali ochilishi ta’kidlandi. Ushbu portal orqali barcha yo‘lovchilar metropoliten faoliyati bo‘yicha taklif va e’tirozlarini bildirishi mumkin bo‘ladi.

Oldinroq, Toshkent metrosining ayrim yo‘nalishlarida poyezdlar qatnovi jadvali o‘zgarganligi haqida ma’lumot berilgan edi. Ushbu xabarda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati 30 avgustdan boshlab Toshkent metropolitenining barcha liniyalari soat 05:00 dan 00:00 gacha ishlashi haqida xabar bergan edi. Keyinroq, berilgan xabardagi yo‘nalishlarning ishlash vaqti va Sergeli hamda Yunusobod yo‘nalishlaridagi poyezd qatnovlari o‘rtasidagi intervalning qisqarishi to‘g‘risidagi xabar olib tashlandi.