O‘zbekiston prezidenti 25 avgust kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunni imzoladi.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, qonun bilan Jinoyat kodeksiga yangi 202−1-modda (Hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) kiritildi.

Yangi moddaga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — 12 mln 250 ming so‘m jarimadan 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilishгача jazo choralari (BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish) qo‘llanilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, may oxirida Oliy Majlis Senati Jinoyat kodeksiga hayvonlarga shafqatsiz munosabat haqidagi moddani kiritishni ma’qullagan edi.

Shuningdek, Senat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasining (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) yangi tahririni ham ma’qullagan edi.

Unga ko‘ra hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash, — BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa, -BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi".

Shu vaqtga qadar hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynaganlik uchun BHMning 1 dan 3 baravarigacha jarima solinishiga olib kelar edi. Xuddi shunday huquqbuzarlik takroran yoxud voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilsa, — BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarimaga tortilar edi.