Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Senatining 18 yalpi majlisida Tashqi ishlar vazirligining 2021 yil birinchi yarim yillik faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Hisobotdan so‘ng, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanov tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyevga Afg‘onistonda masalasidagi savol bilan yuzlandi.

«Bugungi kunda juda ko‘p davlatlar tomonidan ekstremistik-terroristik harakat deb tan olingan «Tolibon»ning bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘onistonda rahbarlikka kelgani munosabati bilan siz O‘zbekiston tashqi siyosatini siz qanday ko‘rasiz?», — deb so‘radi senator.

«Sizni ko‘targan masalangiz nafaqat mintaqamiz, balki xalqaro xavfsizlik tartibidagi dolzarb mavzu. Hammasiz yaxshi bilamiz, Afg‘onistonda hozir yangi voqelik, yangi vaziyat yuzaga kelgan. Hozir Afg‘onistonda oldindan prognoz qilib bo‘lmaydigan jarayonni kuzatyapmiz. Lekin bitta narsani bilishimiz kerak, hurmatli prezidentimizning belgilab bergan tashqi siyosat tamoyillari asosida, bevosita Afg‘oniston bilan munosabatlarimiz yo‘nalishlarida belgilab bergan fundamental yondoshuvlar, asosiy vazifalar doirasida bugun emas, anchadan beri O‘zbekiston Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlariga bevosita hissa qo‘shib kelayapti», — dedi Farhod Arziyev.

U prezident tashabbusi bilan 2018 yilda Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha maxsus xalqaro konferensiya o‘tkazilgani, 2021 yilda Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo xalqaro konferensiyasida ham Afg‘oniston mojarosi muhim mavzulardan biri bo‘lganini tilga oldi.

«Eng avvalo biz Afg‘onistonda barcha siyosiy kuchlarning manfaatini e’tiborga oladigan, ularning o‘zaro tinchlik muzokaralari natijasida erishiladigan koalitsion hukumat (Ko‘p partiyali parlament boshqaruvidagi hukumat — tahr.) shakllanishi tarafdorimiz. Biz Afg‘onistonda qurolli kuch ishlatish yo‘li bilan afg‘on muammosi hal bo‘ladi degan yondoshuvdan doim yiroq bo‘lganmiz», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, «Afg‘onistonda „Tolibon“ harakati hokimiyat tepasiga kelgan, mamlakatni to‘laligicha nazorat qilayapti deyish mumkin».

««Tolibon» harakati bilan bir necha yillardan beri muloqot qilib kelayapmiz. Va albatta «Tolibon»ga ham Afg‘oniston jamiyatining inkor etib bo‘lmaydigan faktori sifatida yondoshamiz. Keyingi yondoshuvlarimizda ham aynan mana shu prinsiplar biz uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib qoladi. Afg‘oniston yon qo‘shnimiz, jon qo‘shnimiz, qolaversa, bu davlatga Markaziy Osiyoning ham ajralmas qismi sifatida qaraymiz», — dedi TIV vakili.

U so‘zi yakunida Afg‘onistonda baqraror tinchilik o‘rnatish, uni xalqaro rivojlanishi uchun zarur omillarni yaratishga qaratilgan hamma say-harakatlarda O‘zbekiston faol ishtirok etishini qo‘shimcha qildi.