Hozirda Afg‘onistonga tijoriy yoki boshqa maqsadda borib, murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari mavjud emas.

Bu haqda Senatning 18 yalpi majlisi davomida tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ma’lum qildi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanov TIV vakilidan Afg‘onistonga tijorat yoki boshqa maqsadda borgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlari qanday himoya qilinayotganini so‘radi.

Ta’kidlanishicha, hozirda Afg‘onistonning Qobul shahrida O‘zbekistonning elchixonasi va Mozori-Sharifda konsulligi faoliyat yuritmoqda.

«Elchixonamiz va konsulligimiz bugungi kunda faoliyatini davom ettiryapti. Ular Afg‘oniston hududida bizni fuqarolarimiz bo‘lgan taqdirda aniq yordamni ko‘rsatadi. Lekin, bugun kun holati bo‘yicha Afg‘onistonga tijoriy yoki boshqa maqsadda borib, qandaydir qiyin ahvolga yoki murakkab vaziyatga tushgan fuqarolarimiz mavjud emas», — dedi Farhod Arziyev.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Farhod Arziyevga tayanib, Afg‘onistonda yashayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining prezident saylovida ovoz berishini tashkillashtirish uchun saylov uchastkalari ochilishi kutilayotgani haqida yozgan edi.

Bunga qadar, TIV chet elda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarning prezident saylovida qatnashishi uchun 49 ta davlatda 54 ta statsionar va 316 ta ko‘chma saylov punkti tashkil etilishi haqida xabar qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» harakati AQSh va uning ittifoqchilari respublikadan qo‘shinlar olib chiqilishini e’lon qilganidan so‘ng Afg‘oniston hududining ko‘p qismini egallab oldi. 34 viloyatdan qarshiliklar faqat Panjsherda davom etmoqda, u yerda qo‘mondon Ahmad Mas’ud himoyani ushlab turibdi.