“Bir boyvachchaning o‘g‘li shu ishni qilibdi”. Prezident Zomindagi o‘rmon yong‘ini haqida

Shavkat Mirziyoyev avgust oyi boshida Zominda sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘iniga “bir boyvachchaning o‘g‘li” sabab bo‘lganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, hozirda bu vaziyat bilan prokuratura shug‘ullanyapti.

Qashqadaryoda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab direktori ishdan bo‘shatildi

Qarshi tumanidagi 6 sonli maktab direktori 50 dan ortiq o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani aniqlandi. Holat Xalq deputatlari kengashi va xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, maktab direktorini o‘z vazifasidan ozod etildi. XTV “pedagoglarning o‘z kasbiga aloqasi bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaysiligi"ni ta’kidladi.

Prezident qimmatbaho metallar va toshlar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Prezident “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat xususiy sektorga qimmatbaho metallar aylanmasi sohasida ochiq ishlash imkoniyatini beradi va bu sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olishga xizmat qilishi kerak.

Moliya vazirligi byudjet intizomini buzgan va kamomadga yo‘l qo‘ygan vazirliklar ro‘yxatini e’lon qildi

Moliya vazirligi tomonidan 6 oy davomida o‘tkazilgan 3480 ta nazorat tadbirlarida 372,7 mlrd so‘mlik byudjet intizomini buzish, pul va tovar-moddiy boyliklari kamomadi aniqlangan. Shundan eng ko‘p qonunbuzilish Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga to‘g‘ri kelmoqda.

1 sentyabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

Oshayotgan ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar, davlat organi xodimlarining onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinishi, ayrim sportchi-trenerlarga har oylik to‘lov, yangi transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish talabining bekor qilinishi va boshqalar — 1 sentyabrdan O‘zbekiston qonunchiligida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

5 yil ichida noqonuniy olib chiqilayotgan 450 ga yaqin qo‘lyozmalar ushlab qolingan — Bojxona qo‘mitasi

Toshkentda Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgan noyob 29 ta qo‘lyozma va 16 ta sopol buyumlar Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga rasman topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 5 yil davomida bojxona organlari tomonidan 450 ga yaqin qo‘lyozma asarlar, noyob tanga va boshqa osori-atiqalar ushlab qolingan.

Umumiy ovqatlanish korxonalari yil oxirigacha yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi

Prezident qarori bilan 2021 yil 1 sentyabrdan 31 dekabrgacha umumiy ovqatlanish korxonalari yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. 15 avgust holatiga ko‘ra mavjud qarzdorlikni, soliq bo‘yicha jarimalarni 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lashi mumkin. Shuningdek, qaror bilan 2023 yil 1 sentyabrgacha turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi.

Pandemiya davrida prezident saylovi: MSK maxsus yo‘riqnomani qabul qildi

MSK pandemiya davrida prezident saylovini o‘tkazishga oid maxsus yo‘riqnomani qabul qildi. Unga ko‘ra, tana harorati yuqori bo‘lgan fuqarolar saylov uchastkasiga kiritilmaydi, ular uchun ochiq havoda ko‘chma saylov qutilari tashkil qilinadi. Qolaversa, yashirin ovoz berish kabinalariga parda osilmaydi. Saylov boshlanishidan 6 soat oldin ovoz berish bino va xonalari dezinfeksiya qilinadi.

Toshkentda yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etmoqda — Jahongir Ortiqxo‘jayev

Toshkentda yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etib, poytaxtda yashovchi har bir odamga 36 kv. metrdan yashil maydon to‘g‘ri kelmoqda, deya ma’lum qildi Jahongir Ortiqxo‘jayev (2018 yilda 60 kv. m ekani aytilgan edi). Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichni London darajasiga olib chiqish uchun qariyb 1,5 mln tup “sifatli daraxtlar” ekilishi kerak.

Afg‘onistonda saylov uchastkalarini ochish ko‘zda tutilgan — TIV

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston o‘zining Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalarida prezident saylovi davrida saylov uchastkalarini ochishni rejalashtirilmoqda.

Paralimpiada-2020. O‘zbekistonlik suzuvchi Islam Aslanov para suzish bo‘yicha bronza medali sohibi bo‘ldi

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik Islam Aslanov 100 metr masofaga batterflyay usulida suzish bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritdi.

7 oy ichida o‘tgan uch yildagidan 2,3 barobar ko‘p elektromobil import qilindi

Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 432 ta yoki o‘tgan yildagi umumiy ko‘rsatkichdan 2,3 barobar ko‘proq elektromobil import qilindi. Ular asosan Xitoydan olib kirildi.

Barcha OTMlarda yangi o‘quv yili an’anaviy (offlayn) shaklda boshlanadi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi OTMlarda yangi o‘quv yili bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari uchun an’anaviy shaklda boshlanishini ma’lum qildi.

Uy-joylarni sotib olish uchun boshlang‘ich badal kvartira qiymatining kamida 15 foizi etib belgilandi

Hukumat qaroriga muvofiq, uy-joy olish yoki yakka tartibdagi uy-joylar uchun subsidiyalarni to‘lash muddati 2021 yil 1 dekabrgacha uzaytirildi. Uy-joylarni sotib olish uchun boshlang‘ich badal kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdor etib belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ruminiya, Polsha, Tojikiston, Shveysariya va Germaniyaning O‘zbekistondagi yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Toshkent arxitektura institutiga yangi rektor tayinlandi

Hukumat qarori bilan Erjan Kaxya Toshkent arxitektura-qurilish institutiga rektor etib tayinlandi.

115 nafar qatag‘on qurbonlari nomlari oqlandi — Oliy sud

6 ta jinoyat ishi bo‘yicha reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan 115 nafar qatag‘on qurbonlari oqlandi.

O‘zbekiston prezidenti Pokiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiyni qabul qildi. Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat rivojiga alohida e’tibor qaratildi.

Polsha prezidenti fuqarolarni O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilishdagi ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi

Polsha prezidenti Anjey Duda telefon orqali muloqotda fuqarolarni O‘zbekiston hududi orqali evakatsiya qilishdagi ko‘mak uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi iqtisodiy loyihalari va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichlari

Afg‘oniston O‘zbekiston uchun eng yirik savdo bozorlaridan biri hisoblanadi. 2020 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 779 mln dollarni, 2021 yilning yanvar-iyun oylarida — 351,9 mln dollarni tashkil qilgan. “Gazeta.uz” ikki davlat o‘rtasidagi import va eksport tarkibi hamda O‘zbekistonning Afg‘onistondagi loyihalari haqida ma’lumotlar taqdim etadi.