Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 24 avgust kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida poytaxtdagi ekologik vaziyat haqida hisobot berdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fevralda OAVda Toshkentning qurib borayotgani haqidagi maqolalar e’lon qilinganidan so‘ng bosh vazir Abdulla Aripovga poytaxning aerofototasvirini amalga oshirishni taklif qilgan.

«1200 metr balandlikda Geokadastr (DSQ huzuridagi Kadastr agentligi — tahr.) bilan birgalikda xatolik ehtimoli 10 sm bo‘lgan aerofototasvirni amalga oshirdik», — dedi hokim.

Uning ta’kidlashicha, xlorofill, RGB, infraqizil nurlari orqali yashilliklar aniqlashtirilgan. (Xlorofill — barglarga yashil rang beradigan tabiiy pigment). O‘lchashlar infraqizil diapazonda olib boriladi -xlorofill qizil nurda porlaydi.)

«Toshkentda yashillik ulushi 26,4 foizni tashkil qildi. Bu — aniq raqam. Ya’ni Toshkentda yashaydigan har bir odamga 36 kv. metrdan yashil hudud to‘g‘ri kelmoqda. Lekin ayrim hududlarda haddan tashqari ko‘p, masalan, Bektemir tumanimizda odam soni kam bo‘lgani uchun 144 kv. metrdan to‘g‘ri kelmoqda, bir xil joylarda aholi zich bo‘lgani uchun kamroq», — dedi hokim.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Mirobod, Shayxontohur va Uchtepa tumanlarida tezkorlik bilan yashillikni ko‘paytirish lozimligini qayd etdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa kosmik agentligining Yerni masofadan zondlash Sentinel-2 sun’iy yo‘ldoshidan (2015 yilda uchirilgan) foydalanish uchun 60 ming dollarlik shartnoma imzolangan.

«Pulini o‘tkazganmiz. 12 kun bo‘ldi. 50 kun ichida ular Toshkentning qaysi qismida suv qancha miqdorda „qochgan“, qayerga qanday daraxt ekish kerak, qayerda qanday shamol esadi, qaysi daraxt chidamli — hammasini ko‘rsatib berishadi. 38 kundan keyin asosiy nuqtasi kelib chiqadi», — dedi u.

Dastlabki tasvirlarga tayangan holda Jahongir Ortiqxo‘jayev hududining 47,5 foizi yashillik bilan qoplangan dunyodagi eng yashil shaharlardan biri — London darajasiga yetish uchun 37,5 million kv. m yashillik o‘tqazilishi (daraxt va buta, maysazorlardan tashqari) kerakligini ma’lum qildi.

«Agar har 25 metrga bitta sifatli daraxt olsak, 1,47 million tup ko‘chat ekish kerak bo‘ladi», — dedi u.

Hokim suv sathi tushib ketganligi sababli ayrim mavjud quduqlar ishlama qolganini tan oldi.

«Shu xaritaga asoslanib o‘zimizga 1600 ta quduq qazishni belgilab oldik. Hozir 60 tasini qazib bo‘ldik. Men viloyat hokimlaridan iltimos qilmoqchi edim, respublikada qayerda qazish apparatlari bo‘lsa, Toshkentga qazishga yordam bersa, biz mahalliy budjetdan to‘lab berishga imkoniyatlarimiz bor», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Toshkent Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusov har bir toshkentlikka 60 kv. m yashillik to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan edi.

Avval xabar qilganimizdek, yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda ko‘p suv talab qiladigan juda ko‘p archa va gazonlar borligini ta’kidlagan edi. U har bir ko‘cha kesimida daraxt o‘tqazish tartiblarini qayta ko‘rib chiqish hamda bino va inshoot egalariga daraxtlarni biriktirish tizimini joriy etishni topshirdi.

Bundan tashqari, davlat rahbari kuzda 55 mln, kelgusi yil bahor mavsumida 70 mln tup tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlar ekiladi. Shuningdek, yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 mln tup mevali, yong‘oq manzarali va daraxtlar buta ko‘chatlari ekishni topshirdi.

Shuningdek, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytiriladi. Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi ma’lum qilindi.