25 avgust kuni «Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan:

  • 2021 yil 31 dekabrgacha umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi;
  • 2023 yil 1 sentyabrgacha turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi.

Hujjatga asosan umumiy ovqatlanish korxonalari mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda tegishli soliq va yig‘imlar bo‘yicha 2021 yil 15 avgust holatiga ko‘ra mavjud qarzdorlikni, shuningdek, barcha soliqlar bo‘yicha jarima va penyalarni 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lashi mumkin.

Shuningdek, qaror bilan tijorat banklarining umumiy ovqatlanish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi mijozlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun bank xizmatlarining turli xil instrumentlaridan foydalanib, ular qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi.

Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.