Ijtimoiy tarmoqlarda, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani 6-maktab direktori F.A. maktab o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Ularda maktab direktori agar o‘qituvchilar ishlamasa, dars bermayman, deb, tahdid ham qilayotgani ham aytilmoqda.

Daryo xabariga ko‘ra, majburiy mehnat ishlariga 40 nafarga yaqin erkak o‘qituvchi va 10−15 nafar ayol o‘qituvchi jalb etilgan, ular orasida pensiya yoshiga yetib qolgan, og‘ir mehnatdan toliqib qoladigan o‘qituvchilar ham borligi, ammo direktor bunga e’tibor ham bermayotganini aytilgan.

Mazkur holat bo‘yicha «Adolat SDP» Qarshi tuman Kengash raisi Yulduz Muhammadiyeva rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, tegishli mas’ul mutasaddilar ishtirokida o‘rganilgan.

Partiya qayd etishiga ko‘ra, 21-avgust kuni Xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining navbatdagi sessiyasidan so‘ng, tumandagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori F.A. Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasining xati hamda deputatlarning takliflari inobatga olinib, lavozimidan ozod etilishiga rozilik berildi.

«Shuningdek, F.A. kelgusida xalqning xaqli ravishda noroziligini keltiruvchi yoki deputatlik maqomiga putur yetkazuvchi holatlarga yo‘l qo‘ygan taqdirda deputatlik vakolatini muddatidan ilgari tugatish belgilandi», — deyiladi xabarda.

«Xalq ta’limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo qarshi hamda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglarning o‘z kasbiga aloqasi bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi», — deya partiya XTV bayonotini keltirmoqda.

«Xalq ta’limi vazirligi bu kabi holatlarni oldini olish va xalq ta’limi tizimi xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qilishda qulay bo‘lgan virtual inspektorni ishga tushirgan», deyiladi xabarda.