Afg‘onistonda yashayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining prezident saylovida ovoz berishini tashkillashtirish uchun saylov uchastkalari ochilishi kutilmoqda.

Bu haqda 25 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Darhaqiqat qo‘shnimiz Afg‘onistonda vaziyat murakkabligicha qolyapti. Lekin, shuni aytib o‘tmoqchi edimki, Qobul shahridagi O‘zbekiston elchixonasi va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalarimiz o‘z faoliyatini davom ettiryapti. Shundan kelib chiqqan holda albatta bu vakolatxonalarda tegishli saylov uchastkalarini ochish ko‘zda tutilgan», — dedi Farhod Arziyev.

Avvalroq, «Gazeta.uz» TIVga tayanib, chet elda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarning prezident saylovida qatnashishi uchun 49 ta davlatda 54 ta statsionar va 316 ta ko‘chma saylov punkti tashkil etilishi haqida xabar qilgandi.

«Tolibon» harakati AQSh va uning ittifoqchilari respublikadan qo‘shinlar olib chiqilishini e’lon qilganidan so‘ng Afg‘oniston hududining ko‘p qismini egallab oldi. 34 viloyatdan qarshiliklar faqat Panjsherda davom etmoqda, u yerda qo‘mondon Ahmad Mas’ud himoyani ushlab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatning keskinlashuvi, hokimiyat tepasiga «Tolibon» kelishi bilan ko‘plab davlatlar afg‘on yurtidan o‘zining diplomatik vakillarini evakuatsiya qilishga o‘tdi. Biroq, 15 avgust kuni O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Yusuf Kabuljanov «Gazeta.uz»ga O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulligi faoliyatini davom ettirayotganini va xodimlar hali evakuatsiya qilinmaganini ma’lum qilgandi.