Jazoir Marokash bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Jazoir «Marokashning uzoq vaqtdan beri davom etayotgan harbiy harakatlari tufayli» u bilan diplomatik aloqalarni uzmoqda. Bu haqda Jazoir tashqi ishlar vaziri Ramtan Lamamra ma’lum qildi. «Bugundan Jazoir Marokash bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qildi», — dedi u matbuot anjumanida.

Bundan tashqari, Lamamra Marokashni Isroil texnologiyasidan foydalangan holda Jazoir fuqarolari va amaldorlariga qarshi josuslik qilganlikda aybladi. TIV rahbarining ta’kidlashicha, Qirollik o‘z hududini Jazoirga dushman bo‘lgan xorijiy davlatlarning harakatlari maydoniga aylantirdi. «1948 yildan beri hech bir Isroil rasmiysi arab mamlakatida bo‘la turib boshqa arab davlatiga qarshi dushmanlik bayonotlarini bermadi», — dedi Lamamra. U shu bilan 2021 yil 11−12 avgust kunlari Jazoir haqida salbiy izohlar bergan Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapidning Marokashga rasmiy tashrifiga ishora qildi.

O‘tgan hafta Jazoir Marokashni Jazoir hududida faoliyat yuritayotgan ikki terrorchilik harakatini — «Kabiliya avtonomiyasi harakati» va «Rashad» harakatini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan edi. Respublika hukumati avgust oyida Jazoir shimolida sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlariga ularning faollari ham aloqador deb hisoblamoqda.

Marokash Tashqi ishlar vazirligi Jazoirning ushbu qaroridan afsusda ekanligini ta’kidlab, barcha ayblovlarni rad etdi.


Yaponiyaning yana 8 ta prefekturasida favqulodda holat e’lon qilindi

Yaponiya hukumati Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimidan bir kun o‘tgach, sakkizta prefekturada koronavirus bilan kasallanish ortgani sababli favqulodda holat e’lon qildi. Shunday qilib, Xokkaydo, Miyagi, Gifu, Ayti, Mie, Siga, Okayama va Xirosima prefekturalarida, bundan tashqari, Koti, Saga, Nagasaki va Miyadzaki hududlarining ba’zi tumanlarida yangi cheklovlar o‘rnatiladi.

COVID-19'ga qarshi kurash vaziri Nisimura Yasutosining aytishicha, mamlakatda har kuni 20 mingdan ortiq yangi COVID-19 holati qayd etilmoqda. U, shuningdek, og‘ir kasallar soni rekord darajaga yetganini, tibbiy xizmat katta bosim ostida ekanligini ta’kidladi.

Choralar juma kunidan kuchga kiradi. Favqulodda holat joriy qilingan barcha prefekturalarda 12 sentyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan. Favqulodda vaziyat rejimi restoran va barlarda spirtli ichimliklar sotilishini cheklaydi va ulardan erta yopilishini talab qiladi. Shuningdek, odamlarga uydan turib ishlashga va besabab ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilindi. — Interfaks.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar:

Mamlakatdagi vaziyat:

  • Ariana News’ning yozishicha, Afg‘onistondagi Milliy murosa oliy kengashi rahbari Abdulla Abdulla, Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay va islomiy partiya rahbari Gulbeddin Hikmatyor Afg‘onistonni boshqaradigan kengashga a’zo bo‘ladilar.
  • Abdul Qayum Zokir mamlakat mudofaa vaziri v.b. lavozimiga tayinlandi. Xabarda aytilishicha, Zokir Guantanamo qamoqxonasining mahbusi bo‘lgan.
  • «Tolibon» Afg‘onistonning barcha fuqarolariga xorijga dollar va tarixiy buyumlarni olib chiqishni taqiqladi. «Biz barcha fuqarolarga dollar va antiqa buyumlarni noqonuniy olib kirish yoki ularni har qanday bahona bilan quruqlikdan yoki havo orqali olib chiqish qat’iyan man etilganligini e’lon qilamiz. Shu munosabat bilan, agar bu narsalar kimningdir qo‘lida topilsa, ular darhol musodara qilinadi va ularning egalari qonunga muvofiq jazolanadi», deyiladi xabarda.
  • Mamlakatda banklar o‘z faoliyatini tikladi — ular 10 kundan beri yopiq bo‘lgan. Aytilishicha, hozircha banklar fuqarolarga oz miqdorda pul bermoqda. Avvalroq, Kobul aholisi banklar yopilgani, bankomatlardagi naqd pullar tugagani, bank hisoblari muzlatilgani, oziq-ovqat narxi ko‘tarila boshlaganidan shikoyat qilgan edi.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • «Katta yettilik» yetakchilari har qanday afg‘on hukumatini xalqaro majburiyatlarga rioya qilishga chaqirdi va Afg‘onistondan evakuatsiya qilish harakatlarini muvofiqlashtirishga kelishdi. Ular, shuningdek, «Tolibon» terrorizmning oldini olish va inson huquqlarini ximoya qilish uchun mas’ul bo‘lishini ta’kidladilar.
  • Mingga yaqin odam Rossiyaga kelishga ruxsat oldi. Ular orasida asli afg‘on Rossiya fuqarolari, Rossiya oliy o‘quv yurtlari talabalari, yashash uchun ruxsatnoma egalari va Rossiyada ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lgan fuqarolar bor.
  • Koreya Respublikasidagi afg‘on fuqarolari Afg‘onistondagi vaziyat normal holatga kelguniga qadar mamlakatda qolishlari mumkin bo‘ladi. Buning uchun ularga maxsus yashash ruxsatnomalari beriladi.
  • Germaniya Afg‘onistonga 100 mln yevrolik gumanitar yordam va yana keyinchalik bunga 500 mln ajratadi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel G7 vakillari uchrashuvidan so‘ng aytib o‘tdi.
  • Pokiston hukumati Afg‘onistondan 22,4 ming nafar chet el fuqarosini evakuatsiya qildi. 19 mingga yaqin odam Pokistonga quruqlik chegarasi orqali kirgan, qolganlari havo orqali Kobuldan olib kelingan.
  • BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Devid Bizlining aytishicha, inqiroz tufayli tez orada ochlikka duch kelishi mumkin bo‘lgan afg‘onistonliklar soni 14 mlnga (aholining qariyb 36 foizi) yetdi.

Shuningdek:

  • Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov respublika Xavfsizlik Kengashining yangi tarkibini tasdiqladi. Kengashga mamlakat prezidenti raislik qiladi. Taalatbek Masodiqov rais o‘rinbosari, Marat Imonqulov kotib etib tayinlandi. Xavfsizlik Kengashiga milliy parlament raisi, hukumat rahbari, prezident ma’muriyati rahbari, davlat kotibi va bosh prokuror ham kiradi. Shuningdek, uning tarkibiga mudofaa vaziri, tashqi ishlar vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri, ichki ishlar vaziri va milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi kiradi.