Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib ushbu hudud uchun mos bo‘lgan daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirishi zarurligini ta’kidladi.

Misol uchun, Andijon, Paxtabod va Marhamat tumanlarida 30 dan ziyod pavlovniya yetishtiruvchi xo‘jaliklar tashkil etilgan va hozirda ular 5 mln dona ko‘chatlar ekishga tayyor.

Bunday xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamda aholini sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash maqsadida har bir hududda “Yashil zamin” jamg‘armalari tashkil etiladi. Viloyat hokimlariga oktyabr-noyabr oylarida “Yashil zamin” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 5 mln tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish topshirig‘i berildi.

“Respublikadagi 300 ga yaqin istirohat bog‘i turli vazirlik va idoralarga qarashli bo‘lib, ularning aksariyati qarovsiz, desak bu ham haqiqat”, — dedi davlat rahbari.

Viloyat hokimlariga yil yakuniga qadar istirohat bog‘larida aholi uchun “sokin hudud"larni tashkil etish topshirildi. Bunda, mazkur bog‘larning kamida 60−70 foizi “yashil hudud” bo‘lishi kerak va ushbu hududlarda bino-inshootlar qurilishiga ruxsat berilmaydi.

Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan sayilgoh (jami — 12 ta), “yashil maydon” va alleya (jami — 25 kilometr), ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalarning har birida “yashil maydon"lar tashkil etish lozimligi aytildi.

Ta’kidlanishicha, poytaxtning 60 kilometr kanal bo‘ylari, 250 kilometr piyoda yo‘laklari atrofiga manzarali daraxtlar ekish kerak.

Avvalroq, prezident topshirig‘iga ko‘ra, oktyabr-noyabr oylarida 55 mln dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 mln dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlar ekilishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 mln dona mevali, yong‘oq manzarali va daraxtlar buta ko‘chatlari ekish topshirig‘i berildi.