Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrida ekiladigan daraxt va ekinlarni tabiiy iqlimdan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish masalasiga to‘xtaldi.

Davlat rahbari poytaxtda «gazon» va archalar ko‘payib ketganini ta’kidladi.

«Shaharning hamma joyida ko‘p suv talab qiladigan archa va „gazon“ ko‘payib ketdi. Nahotki, o‘zimizning sharoitga mos ko‘chat navlari bilan ta’minlash haqida hech kim bosh qotirmaydi? Misol uchun, „gazon“ o‘rniga 12 oy ko‘m-ko‘k turadigan manzarali butalar, kashtan, qayin, zarang (klyon), lola daraxti ekish mumkin-ku?» — deb savol berdi prezident.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev ikki hafta muddatda ilmiy asoslangan holda poytaxtning qaysi ko‘chasida qanday daraxt va ekinlarni joylashtirish bo‘yicha taqdimot qilish va yil yakuniga qadar Bo‘zsuv suv inshootining bo‘sh turgan 40 gektar maydonida «yashil hudud» tashkil etish vazifasini qo‘ydi.

Shuningdek,ikki oy muddatda Toshkentga yangi qo‘shilayotgan hududlarning 1,5 ming gektarida daraxtzorlar tashkil etish ishlarini boshlash, hududlarda yil yakuniga qadar aholi massivlarida 855 gektar maydonga ega «yashil maydon» hamda 585 gektar maydonda jamoat parklarini tashkil etish vazifasi belgilandi. Bunda ushbu hududlarni yer va mulk solig‘idan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari daraxtlarni bino va inshootlar mulkdorlariga biriktirish va kadastr pasportini taqdim etish tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.