Yaqinda (iyun oyida) respublika oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-pedagogik kadrlarning o‘ziga xos ro‘yxatini shakllantirish maqsadida hisobotlar topshirildi.

Ahamiyatli jarayon. Mamlakat prezidenti ta’kidlaganidek, islohotlarga to‘sqinlik qiladigan uchta asosiy muammo — bu kadrlar, korrupsiya va boshqaruv darajasi. Oxir oqibat, buni bir so‘z bilan ifodalash mumkin — кадрлар, chunki korrupsiya va boshqaruv darajasidagi muammo bizni kadrlar muammosiga, ularning axloqi va boshqaruv mahorati (professionalizmi) masalasiga qaytaradi. Agar OTMlarga nisbatan kadrlar haqida gapiriladigan bo‘lsa, so‘z professor-o‘qituvchilar tarkibi haqida boradi.

Amaldagi hisobotlar kadrlarni yangilashda burilish nuqta rolini o‘ynashi kerak edi: o‘tmaganlar ishdan ketishi, o‘tganlar bilan esa yillik shartnoma tuzilishi kerak. Bu haqida men maqolalarimdan birida yozgan edim.

Biz xususiy masalani ko‘tarayotganimiz yo‘q. OTMlar ma’muriyati va professor-o‘qituvchilarining mehnati samaradorligini baholash va ularni moddiy rag‘batlantirish masalasini hal qilmay turib, biz OTMlarimiz sifati va 2030 yilda O‘zbekistonning global innovatsion indeks bo‘yicha 50 ta yetakchi davlatlar qatoriga kirishi masalasini hal qilolmaymiz.

Bizga OTMlarni tubdan isloh qilish o‘z-o‘zidan emas, balki 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan Innovatsion rivojlanish strategiyasida belgilangan yanada muhim vazifa, bosh maqsadni — «mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish» — amalga oshirish uchun kerak. Ta’lim tizimi tomonidan yaratiladigan aynan shu kapital innovatsion iqtisodiyotni yaratishning muhim omili hisoblanadi. Shu sababli, bu universitetlarning mamlakat oldida turgan ulkan vazifalarni hal qilishdagi roli katta.

2022 yil ham uzoqda emas. Xo‘sh, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi va innovatsion jihatdan taraqqiy etishini belgilovchi asosiy omil inson kapitalining rivojlanishi, shu bilan birga, OTMlarning raqobatbordoshligini qanday baholash mumkin? Agar mahalliy OTMlar haqida gapiradigan bo‘lsak, unda ahvol chatoq (vaziyat chet el oliy o‘quv yurtlari filiallarining ochilishi bilan o‘nglanib turibdi). OTMlarimizning obro‘si oshdimi, ularda sifat jihatdan o‘zgarishlar yuz berdimi, chet ellik olimlar va talabalar OTMlarimizda o‘qishga intilishyaptimi?

Bu satrlarni o‘qigan har qanday kishi: «Siz hazillashyapsizmi?» deydi. Men esa Oliy ta’lim vazirligining sobiq va amaldagi rahbarlari, Prezident apparati va Vazirlar Mahkamasidagi tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat maslahatchilari va amaldorlardan so‘ramoqchiman: 2019−2021 yillarda mamlakatni Innovatsion rivojlantirish strategiyasi, prezidentning inson kapitalini yaratish uchun mas’ul bo‘lgan kadrlar korpusini baholash uchun reyting tizimini ishlab chiqarish bo‘yicha topshirig‘i — bu hazilmi?

Ko‘plab maqolalarda, shu jumladan mening ham maqolalarimda ta’lim va fan tizimidagi islohotlar uchun haqiqiy to‘siq — bu tenglashtirish ekanligi, ish haqining miqdori va tarkibi hech qachon rag‘batlantiruvchi omil sifatida ishlamasligi qayta-qayta ta’kidlangan.

«Qanday qilib» deb so‘rashadi Oliy ta’lim vazirligida. Hali 2015 yilda biz butun mamlakat bo‘ylab ilmiy-o‘qituvchilik faoliyatini baholashning 110 balli tizimga asoslangan reytingni joriy qilgandik (Oliy ta’lim vazirligi hay’atining 2015 yil 29 sentyabrdagi qarorini ko‘ring).

Oliy ta’lim vazirligining ushbu baholash tizimini tavsiflab, shuni aytish mumkinki, tizimni tuzuvchilarda oqillik ham, mantiq ham va vazifani tushunish qobiliyati ham yo‘q: ular, misol uchun 10 sahifali matn (kichik maqola) va 400−500 betli ilmiy matn (puxta monografiya) o‘rtasida, talabalar turar joyiga tashrif buyurish (o‘qituvchining ijtimoiy yuklamasi) bilan ilmiy ish tayyorlash (o‘qituvchining ilmiy faoliyati) o‘rtasida, dunyoning na eng yaxshi 1000 taligi, na eng yaxshi 10 000 taligiliga kirmaydigan, dunyoda tan olinmaydigan universitet konferensiyasida nutq so‘zlash bilan Kolumbiya yoki Stenford universitetlarida doklad bilan chiqish o‘rtasida sifat farqini ko‘rishmaydi.

Oliy ta’lim vazirligi tomonidan joriy etilgan reyting tizimi universitetlarni xalqaro darajaga olib chiqa oladigan yuqori malakali kadrlarni aniqlamaydi va muvozanatni tiklamaydi.

Keling, bir savolga javob topaylik: nima uchun barcha universitetlarda o‘tkaziladigan reytinglar natijasida asosiy «botqoqlik» baribir o‘sha yerda qolaveradi? Javob: universitetlarni «botqoqqa» tortayotganlar uchun mavjud reytinglar muammo emas, chunki yuqori intellektual resurslar, miqdoriy va sifatli xarajatlarni talab qiladigan ilmiy-pedagogik faoliyat amalda eng oddiy mehnat turlari va majburiyatlar bilan tenglashtirilgan.

Ehtimol, tizimni tuzish uchun olimlar, turli apparatlardagi turli darajadagi amaldorlar jalb qilingandir. Ehtimol, u bir necha bor tasdiqlashdan o‘tgandir. Ammo natija achinarli: umidlar sarobligicha qoldi!

Bu tizimni yaqindan ko‘rib chiqamiz. Men bir nechta universitetlar va institutlarning reyting tizimlari bilan tanishib chiqdim, ularning barchasi tuzilish metodologiyasida bir-biridan unchalik farq qilmaydi, chunki ular bazaviy tizim sifatida Oliy ta’lim vazirligining reytinglariga tayanadi.

Eng asosiysi — turli xususiyatga ega narsalar tenglashtiriladi. Mahalliy konferensiyadagi ishtiroki uchun — 2 ballgacha, xalqaro konferensiyadagi ishtiroki uchun — 3 ballgacha, o‘zimizning Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) jurnalidagi maqola uchun — 2 ballgacha, monografiyalar — 3 ballgacha, fan nomzodi ilmiy darajasi va dotsent unvoni uchun — 1 ball, chet tillarini bilishi, materiallarni ishlab chiqishda va o‘qitishda ulardan amaliy foydalanganligi uchun — 2 ballgacha.

Vaziyat quyidagicha: mahalliy jurnallarda 2 ta maqola chiqarishga (10−12 bet) monografiyadan ko‘ra (bir necha yuzlab betlar) ko‘proq ball beriladi, muallif o‘zi to‘lov kiritib qatnashadigan konferensiyalarda bir necha o‘nlab nusxada chiqariladigan, ro‘yxatdan o‘tmaydigan, bir so‘z bilan — makulaturaga aylanadigan 2 sahifali tezislar uchun va chet tillarini bilish, materiallarni ishlab chiqishda ulardan amaliy foydalanish va o‘qitish uchun bir xil ball beriladi.

O‘quv qo‘llanmaning nashr etilishi 8 ballgacha, monografiyalar yoki doktorlik dissertatsiyasini yozish va himoya qilish — 5 ballgacha baholanadi. Lekin o‘quv qo‘llanmani 90% o‘qituvchilar yozishi mumkin, chunki ular o‘nlab yillar davomida birgina fanni o‘tishadi (keng tarqalgan plagiatni hisobga olgan holda esa — 100% hammasi), shu bilan birga, doktorlik dissertatsiyasini faqat sanoqli kishilar himoya qila oladi — shuning uchun bizda ko‘p kafedralarda fan doktorlari yo‘q, tag‘in reyting tizimi fan bilan shug‘ullanishga ruhlantirmaydi.

Yotoqxonaga tashrif 2 ballgacha baholanadi — chet tillarini bilish, ulardan materiallarni ishlab chiqish va o‘qitishda amaliy foydalanish bilan bir xil. Talabalar turar joyiga nechta o‘qituvchi tashrif buyurishi mumkin? Hamma. Kolumbiya yoki Stenford universitetlariga nechta o‘zbek olimlari o‘z ma’ruzalarini o‘qishga taklif qilingan? Ochiq-oydin bema’nilikka qaramay, bu mezonlar o‘qituvchilarimizni baholashda qo‘llanilib kelinmoqda.

Ko‘pgina iboralarni tushunish qiyin. Yotoqxonalarga tashrif buyurish to‘g‘risidagi ayni band «yotoqxonada tasdiqlangan reja asosida olib boriladigan yoshlar faoliyati va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar» deb ta’riflangan. OTMlardan birida menga talabalardan tualetlari yaxshi ishlayaptimi yo‘qmi deb so‘rash kerakligini aytishdi. Agar nosoz bo‘lsa, jurnalga tegishli yozuvni qoldirishimni aytishdi. Unda yotoqxonada komendantlar nima qiladi? Boshqa OTMda esa ular talabalardan birini chaqirib, u bilan shashka, undan ham yaxshisi shaxmat o‘ynashni taklif qilishdi.

Yoki o‘qituvchilik faoliyatini olaylik. Nazariy bilimlar, amaliy ko‘nikmalar va zamonaviy o‘qitish tendensiyalarini egallaganlik darajasini qanday baholash mumkin? Kim nazariy bilim darajasi past yoki zamonaviy o‘qitish tendensiyalari bilan tanish emas deb tan olinadi? Shuning uchun, komissiyalar hech qanday o‘rganishlarsiz hammaga maksimal 8 ball qo‘yadilar (yuqorida keltirilganlarga komissiyalarning o‘zi javob beradimi yo‘qmi — bu ham aniq emas). Bundan kelib chiqadiki, shunchaki ishga borib kelasiz va 8 ball kafolatlangan, bir necha yil davomida izlanib yozgan monografiyangizni nashr etasiz-u — 3 ballingizni olasiz!

Yoki talabalar bilimini baholashning zamonaviy usullaridan foydalanish yoki amaliyotga joriy qilingan xalqaro baholash dasturlari (PISA, PIRLS, TIMSS) kabi reytinglar bandini olaylik. Bu dasturlar maktab ta’lim sifatini baholaydi, masalan PIRLS o‘quvchilar matnlarni o‘qishi va tushunishini tekshiruvchi testlar. OTM o‘qituvchilarining 100% bu baholash dasturlari bilan tanish emas, chunki ular O‘zbekistonga hali endi joriy qilinadi. Nima uchun reytingga mantiqsiz mezonlarni kiritish kerak?

Ilmiy-pedagogik kadrlarning joriy reyting baholashida bajarilgan ishlar miqdori hisobga olinmaydi. Masalan, o‘qituvchi ikki yoki beshta konferensiyada ishtirok etganining farqi yo‘q. Maqolalar bilan ham xuddi shunday. Maqola va monografiya o‘rtasidagi farq minimal, uni yotoqxonada talaba bilan o‘tkaziladigan bitta shashka o‘yini bilan yopish mumkin. Axir, monografiya yillar davomida yoziladigan ilmiy ish!

To‘plamlardagi maqolalar, jamoaviy monografiyalardagi bo‘limlar hisobga olinmaydi, faqat jurnallardagi maqolalar hisobga olinadi. Qaysi asosda? Tasavvur qiling, siz mahalliy jurnalda e’lon qilgan maqolangiz hisobga olindi, biroq, Oxford University Press tomonidan chop etilgan jamoaviy monografiyadagi maqolangiz hisobga olinmaydi.

Ballarning maksimal qiymati ham shubha uyg‘otadi — 110. Nega 110, 115 yoki 120 emas? Chegara yoki ochiq bo‘lishi kerak (kim qancha yig‘a olsa) yoki maksimal darajada baland bo‘lishi lozim.

Ilmiy-tadqiqot ishlari — 110dan 30 ball olib turgan bir paytda ballarning katta qismi o‘quv va o‘quv-uslubiy ishlar uchun ajratilgan, ilmiy daraja, chet el amaliyoti, chet tillarini bilish esa — arzimagan 10 ball bilan baholanadi. Bunday reyting tizimi bilan biz kuchli kadrlarni jalb qilolmaymiz va o‘quv-uslubiy majmualarni, dasturlarni va ma’ruza matnlarini internetdan yuklab oladigan, o‘zbek tiliga tarjima qiladigan va o‘z botqog‘ida o‘zlarini yaxshi his qiladigan, hatto 30% ustama to‘lovlarni talab qiladigan qobiliyatsiz kadrlarga ega bo‘lamiz.

Xulosa o‘rnida OTMlarning birida 110 ballik tizimdan o‘tish bo‘yicha hayotiy tajriba haqida gapirib beraman (2015 yildan). Chet elda dars berib yurgan va ilmiy loyihalar bilan shug‘ullangan bir o‘qituvchi O‘zbekistonga qaytgach, mahalliy OTMlardan biriga ishga kirdi. Boshqalar kabi u ham reyting uchun jadvalni to‘ldidi va shunda u eng past ball olgani aniqlandi. Bu qanday bo‘lishi mumkin, axir o‘quv yili davomida olim 30 ga yaqin ilmiy maqolalarni nashr etgan bo‘lsa, ulardan 15 tasi chet elda, Germaniya, Koreya, Qirg‘iziston va Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan 5 ta xalqaro konferensiyalarda qatnashgan, ma’ruzalar o‘qish va talabalar uy vazifalarini tayyorlashda ingliz tilidan foydalanish amaliyotini joriy qilgan bo‘lsa? Bu boshqa butun boshli kafedralar amalga oshirgan ishlardan ko‘proq.

Qahramonimizning keksa hamkasbi kamtarona ballar bilan to‘lgan jadvalga qarab, aytdi:

— Ex, yosh va tajribasizsiz, keling sizga yordam beraman. Xorijiy nashrlar va konferensiyalar, ingliz tili — bu yaxshi. Yotoqxonaga bordingizmi?

— ??? Yo‘q, nima uchun?

— Qanaqasiga? Talabalarning yashash sharoitlarini tekshirishchi?

— Ammo u yerda komendant borku?

— Tartib shunaqa. Borgansiz deb yozamiz.

— Jiddiy aytyapsizmi?

— Bundan jiddiyroq bo‘lmaydi. Talabalar bilan muzey, hayvonot bog‘iga bordingizmi?

— Yo‘q, -javob berdi qahramonimiz. — Ular kap-katta odamlarku.

— Tartib shunaqa. Borgansiz deb yozamiz.

O‘qituvchining reyting past baho olganligining sababini ko‘rsatgan boshqa shunga o‘xshash savollar paydo bo‘ldi. Garchi chet elda o‘qituvchining faoliyati boshqacharoq baholanadi.

Endi reytingdagi joy yaxshiroq ko‘rinishga ega bo‘ldi: o‘qituvchi «a’lochi» bo‘lmasada, chet tillarini bilmaydigan, xalqaro ilmiy forumlarda qatnashmagan nufuzli xorijiy nashrlarda maqolasi chiqmagan o‘qituvchilar reytingining o‘rtasida barqaror o‘rinni egalladi.

Yillar o‘tdi, lekin 2015 yilgi reyting tizimini hech kim tanqid ostiga olmadi. Prezidentning 2019 yilgi PQ-4358-sonli qarorida esa «dekanatlar va kafedralar rahbarlari, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibi mehnati samaradorligini baholashning va keyinchalik ularni moddiy rag‘batlantirishning reyting tizimi joriy etilmagan» deyilgan.

Ko‘rinishidan, Oliy ta’lim vazirligi professor-o‘qituvchilar tarkibining samaradorligini baholash uchun reyting tizimi joriy etilgan deb hisoblagan va prezident qarori rahbariyat uchun taalluqli deb o‘ylab, tezda OTMlar rahbariyati — rektorlar, prorektorlar, dekanlar va kafedra mudirlari mehnatini baholash bo‘yicha egizak hujjatni (2019 yil 2 dekabrdagi 1100-sonli buyruq) klonlashtirgan. Yangi ishlab chiqarilgan klon kadrlar samaradorligini baholash bo‘yicha kursga hurmatsizlikni davom ettirdi.

Xo‘sh, olimning OTMda faoliyatini qanday to‘g‘ri baholash mumkin? Oldindan shuni aytish lozimki, olim mehnatining samaradorligini baholash qiyin masala va biz unga bir zumda yagona to‘g‘ri javob topa olmaymiz. Bu yosh bo‘lgan fanning mavzusi — fanmetriya. Biroq, uning eng muhim tamoyillarini izohlash mumkin. Bu, albatta, hojatxonalarni tekshirish yoki shubhali «jamoat» ishlari emas. Ammo bu keyingi maqolaning mavzusi.

Yaqindan boshlab, professional muhitda ko‘plab savollar tug‘dirgan OTMlarning reytinglari e’lon qilina boshlandi. Adliya vazirligi esa o‘tkazilgan birinchi reytingni bekor qildi. Ikkinchi reyting natijalari ham ilmiy jamoatchilikni o‘ylantirdi. Ko‘rinishidan, tizimning o‘zi egizak hujjatlardan ko‘chirilgan bo‘lgan.

Bu klonlarni yo‘q qilish va OTMlarni baholash tartibini professional va oshkora qilish, shuningdek, O‘zbekistondagi OTMlarning top-1000talikka kirishiga to‘sqinlik qiladigan yoki hech bo‘lmaganda ezgu maqsadlarga yaqinlashtiradigan haqqoniy bandlarni aniqlash vaqti kelmadimi?

Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.