Ayni damda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda oktyabr-noyabr oylarida 55 mln dona, kelgusi yil bahor mavsumida avtomobil yo‘llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 70 mln dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlarni ekish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari Toshkent shahri tumanlari, viloyat markazlari va yirik shaharlarda daraxtlar va ekinlar mahalliy iqlimni inobatga olmasdan, pala-partish ekilayotgani bois kundan-kunga qurib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani, shahar ko‘chalari chiqindiga to‘lib ketgani bilan hech kimning ishi yo‘qligini qattiq tanqid qilindi.

Har bir mahallaga daraxtlarni parvarishlash uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 1 nafardan ishchi biriktirilishi belgilandi.

Tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlariga ajratilayotgan 10 mingta shtat doirasida har bir tuman (shahar) hududidan kelib chiqib 5 ta ishchidan iborat daraxtlarni saqlash bo‘yicha guruhlar tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiyani yaxshilash bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab berdi. Unga ko‘ra:

  • 1,3 ming kilometr magistral yo‘llar bo‘ylarida, hududlarning iqlimidan kelib chiqib, sentyabr-dekabr oylarida 480 ming dona hamda kelgusi yil bahor oylarida 330 ming dona chinor, eman, jiyda terak va boshqa daraxt ko‘chatlarini ekish;
  • yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 mln dona mevali, yong‘oq manzarali va daraxtlar buta ko‘chatlari ekish;
  • aholi xonadonlari, tadbirkorlik obyektlari hududi va ularning yon atrofida 42 mln dona tut, yong‘oq, jiyda kabi daraxtlar ekish;
  • dala maydonlari atrofi hamda kanallar bo‘yida 53 mln dona tut, jiyda, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish;
  • o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida 3 mln dona tut ko‘chati ekish;
  • Mudofaa vazirligi tasarufidagi muassasalarda, shu jumladan Chorvoq suv ombori hamda Krasnogorsk shaharchasi atrofidagi o‘rmon hududlarida 500 ming dona manzarali, mevali va buta ko‘chatlarini ekish;
  • ikki oy muddatda shaharlar va tumanlar markazlaridagi 4,5 ming kilometr ichki irrigatsiya tarmoqlarini faoliyatini tiklanadi.