Paralimpiya o‘yinlari ochilish marosimida yengil atletikachilar Muhammad Rexsimov va Nurxon Qurbonova O‘zbekiston bayroqdorlari bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi 21 avgust kuni Yaponiyaga yetib bordi. Narita aeroportida olingan test natijalariga ko‘ra, dzyudo bo‘yicha bir nafardan sportchi va murabbiyda koronavirus infeksiyasi aniqlandi va ular Tokio shahrida karantinga olindi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.

Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha terma jamoa a’zosi Nurxon Qurbonova samolyotda ularga yaqin masofada bo‘lganligi bois bu sportchiga ham Xalqaro paralimpiya tashkiliy qo‘mitasi hamda Yaponiya hukumati talablariga muvofiq karantin ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Shu sababli Qurbonova bugun Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da boshlanadigan ochilish marosimida bayroqdor sifatida ishtirok eta olmaydi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan parakanoe bo‘yicha Jahon chempioni Shahnoza Mirzayeva Muxammad Rexsimov bilan birgalikda bayroqdor sifatida ishtirok etishi taklifi ma’qullandi.

“Gazeta.uz” avvalroq musobaqalar 24 avgustdan 5 sentyabrgacha bo‘lib o‘tishi, ularda 22 ta sport turi bo‘yicha 540 ta medallar jamlanmasi o‘ynalishi haqida yozgan edi. O‘zbekiston milliy termasining 48 nafar a’zosi 8 ta sport turi bo‘yicha 55 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, Yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘lgandi. Undan avvalroq, mamlakat bayroqdorlari sifatida gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobo-Usmon Baturov e’lon qilingan edi.