Daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan 6 oyda moratoriy davrida 316 ming dona qimmatbaho daraxtlar asrab qolingan. Biroq, shunga qaramasdan, o‘tgan davrda 2,8 mingta qimmatbaho va 2 mingdan ziyod kam qimmatli daraxtlar noqonuniy kesilgan.

Shu bois, Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etiladi.

Uning zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakonerlik, noqonuniy chiqindilar tashlash kabi holatlarga qarshi profilaktika vazifalari yuklatiladi.

Ekologiya politsiyasi Ichki ishlar tizimida faoliyat yuritadi.

Shu bilan birga, ekologiya sohasida qo‘llaniladigan jarimalar miqdori 5 baravar, yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya miqdori 2 baravar oshiriladi.

“Barcha rahbarlar bir narsani aniq eshitib olsin. Bundan buyon birorta „yashil hudud“ va jamoat parkida har qanday daraxtlarni kesish qat’iyan taqiqlanadi”, — dedi prezident.

Avvalroq, prezident topshirig‘iga ko‘ra, oktyabr-noyabr oylarida 55 mln dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 mln dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlar ekilishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 mln dona mevali, yong‘oq manzarali va daraxtlar buta ko‘chatlari ekish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, prezident topshirig‘i bilan har bir hududda “Yashil zamin” jamg‘armalari tashkil etilishi haqida xabar berildi. Viloyat hokimlariga oktyabr-noyabr oylarida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kamida 5 mln tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish topshirig‘i berildi. Har bir shahar va tuman markazida kamida 2 tadan “yashil maydon” va jamoat parklari tashkil etilishi aytildi.