Ayni damda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tmoqda», — deb yozadi Asadov.

Yig‘ilishda «sohadagi tizimli muammolar hal qilinmagani va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar» uchun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi.

Shavkat Mirziyoyev ekologiya yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan qo‘mita, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayotgani tanqid qildi. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi.

«Shu bilan birga, hududlarda «yashil maydon"lar 3−4 baravarga qisqarib, o‘rtacha 8 foizdan kamayib ketdi», — dedi prezident.

«So‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgan. Yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — deydi davlat rahbari.

Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha reja qilingan 62 ta loyihadan bor-yo‘g‘i 15 tasiga tadbirkor jalb qilingani qayd etildi. Bu borada Buxoro, Namangan, Farg‘onadan tashqari boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan, deyiladi xabarda.