Armanistonda ayollar harbiy qismlarga jalb qilinadi

Qurolli Kuchlarni isloh qilish doirasida hukumat ayollarni jangovar armiya bo‘linmalariga jalb qilishni rejalashtirmoqda, dedi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan. U parlamentda so‘zga chiqib, «ayollarning ishtiroki haqidagi tezis mafkuraviy asosga ega emas, faqat pragmatik hisoblash bilan shartlangan», deb ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, ayollar Armaniston aholisining aksariyat qismini tashkil qiladi. «Gap shundaki, bu potensialni maksimal darajada oshirish», dedi u. Shu bilan birga, Pashinyan «ayollarni Qurolli Kuchlar safiga jalb qilish ularning armiyada erkaklar bilan teng asosda xizmat qilishini anglatmasligini» ta’kidladi. — Interfaks.


Pokistonda talabalar va o‘qituvchilar uchun majburiy emlash joriy qilindi

Pokiston hukumati 17 yoshdan katta bo‘lgan maktab va universitet talabalari, shuningdek, o‘qituvchilar va ta’lim xodimlari uchun COVID-19 koronavirusiga qarshi majbriy emlashni joryi qildi. 2021 yil 15 oktyabrdan boshlab vaksinani olmagan talabalar va ishchilar ta’lim muassasalariga bora olmaydi. Shuningdek, 15 oktyabrdan boshlab pokistonliklardan poyezd va avtobus chiptalarini sotib olishda emlash guvohnomasi talab qilinadi. — Associated Press.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Mamlkatdagi vaziyat:

  • «Tolibon» Afg‘onistonni boshqaradigan 12 kishilik kengash tashkil etishni rejalashtirmoqda.
  • Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih «Tolibon»ni mamlakat shimolida qariyalar va bolalarni o‘g‘rilashda ayblamoqda. «Tolibon oziq-ovqat va yoqilg‘ining Andarab vodiysiga kirishiga ruxsat bermayapti. Gumanitar vaziyat og‘ir. Minglab ayollar va bolalar tog‘larga qochishga majbur bo‘lishdi. Oxirgi ikki kun ichida «Tolibon» bolalar va qariyalarni o‘g‘rilab ketayapti, ularni yurish yoki uylarda tintuv o‘tkazish uchun qalqon sifatida ishlatmoqda», — deb yozdi Saleh o‘zining Twitter’dagi sahifasida.
  • «Tolibon» moliya vaziri va ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchini tayinladi. Shunday qilib, Gul Og‘a moliya vaziri, Ibrohim Sadr ichki ishlar vaziri vazifasini bajaradi. Mulla Shirin Kobul viloyati hokimi, Hamdulloh Nomani esa Afg‘oniston poytaxti hokimi bo‘ladi. Tolibon ham razvedka boshlig‘ini tayinladi, ammo uning ismi keltirilmagan. Hafta boshida harakat Hoji Muhammad Idrisni mamlakat markaziy banki raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinladi.
  • «Tolibon» 31 avgustdan keyin Afg‘onistondan chet elliklarni evakuatsiya qilish muddatini uzaytirishga ruxsat bermaydi. Bu haqda matbuot anjumanida harakat vakili Zabihullo Mujohid aytib o‘tdi.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bacheletning aytishicha, uning idorasiga «Tolibon» isyonchilari tomonidan asosiy inson huquqlari qo‘pol ravishda buzib kelinayotgani to‘g‘risida ishonchli xabarlar kelgan. «Gap tinch fuqarolar va Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlarining sobiq xodimlarini sudsiz qatl qilish, ayollarning huquqlarini cheklash, shu jumladan erkin harakatlanish huquqi va qizlarning maktabda o‘qish huquqi haqida bormoqda. Ular askar-bolalarni yollashmoqda, tinch namoyishlarni bostirishmoqda», — dedi Bachelet BMT Inson huquqlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida.
  • BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ma’lumotlariga ko‘ra, bugun Afg‘onistonda 10 mlnga yaqin bola gumanitar yordamga muhtoj. Tashkilotning ta’kidlashicha, 10 mln boladan, bir millionga yaqini ocharchilik yoqasida qolishi va kerakli tibbiy yordamsiz vafot etishi mumkin. Hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda 4,2 mln afg‘on yoshlari, shu jumladan 2,2 mln qizlar maktabda o‘qimayapti. 435 mingga yaqin bolalar va ayollar o‘z mamlakatlarida qochqin hisoblanmoqda.
  • AQSh ittifoqchilari va sheriklari bilan birgalikda 14 avgustdan buyon 58,7 mingga yaqin odamni Kobul ayeroportidan olib chiqdi. Shu bilan birga, Afg‘onistondan Norvegiya hukumati jami 374 kishini, Avstraliya 1,7 mingga yaqin odamni evakuatsiya qildi.
  • Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lining ma’lum qilishicha, mamlakat afg‘onlar uchun migratsiya markazini tashkil etish va ularga boshpana berish niyatida emas. «Agar bizga biron bir davlatdan bunday taklif tushsa (muhojirlarni qabul qilish — tahr.), biz uni rad etamiz. Biz bu haqda allaqachon gapirganmiz. Bugungi kunga qadar Afg‘onistondan 1404 kishini evakuatsiya qildik. Ularning 1061 nafari bizning fuqarolarimiz, qolganlari boshqa davlatlar fuqarolari», — dedi Chavusho‘g‘li.
  • Yevropa Ittifoqi Afg‘onistondan kelgan qochqinlarning gumanitar ehtiyojlarini qondirish uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini 57 mln yevrodan 200 mln yevrogacha oshirishga qaror qildi.
  • XXR Tolibonga qarshi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini bu mamlakat muammolarini hal qila olmaydigan teskari chora deb atadi. Buning o‘rniga Xitoy «xalqaro hamjamiyat Afg‘onistondagi vaziyatni ijobiy yo‘nalishda rivojlanishini rag‘batlantirishi va osonlashtirishi, qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlashi, xalq farovonligini yaxshilash va uning mustaqil rivojlanish qobiliyatini mustahkamlashi kerak», deb hisoblaydi.
  • Pokiston tashqi ishlar vaziri Shohmahmud Kureshi «dunyoning barcha mamlakatlarini Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan „Tolibon“ harakati bilan muloqotga» chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada u Eron, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekistonga borib, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladi.

Shuningdek:

  • AQSh olimlari koronavirusning ma’lum bo‘lgan barcha mutatsiyalarini zararsizlantira oladigan antitanachani aniqladilar. Ispan olimlari esa boshqa koronaviruslarga qarshi antitanachalar COVID-19dan ham himoyalay olishini isbotlashdi.
  • AQShda, bugungi kunga kelib, 12 va undan katta yoshdagi aholining 71 foizi koronavirusga qarshi emlashning kamida bir dozasini olgan. «Bu 200 mlndan ziyod amerikalik. Hozirda 170 mlndan ortiq odam to‘liq emlangan», — dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning aholini koronavirusga qarshi emlash harakatlari 100 mingdan ortiq hayotni saqlab qoldi va 450 mingdan ortiq gospitalizatsiya holatining oldini oldi.
  • Xakainda Xichilema Zambiya prezidenti sifatida qasamyod keltirdi. 59 yoshli Xichilema Zambiya Respublikasining yettinchi prezidenti bo‘ldi.
  • Gretsiyada emlanmagan davlat va xususiy sektordagi ishchilar har haftada 1−2 marta PZR testini o‘z mablag‘lari hisobiga o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Mazkur talab 13 sentyabrdan boshlab kelasi yilning 31 martigacha amal qiladi. Ta’kidlanishicha, xususiy tibbiy markazlarda PZR test narxi 20 yevrodan 10 yevroga tushirildi.