«Tolibon» harakatiga qarshilik ko‘rsatish o‘choqlarining paydo bo‘lishi oqibatlari nafaqat Afg‘oniston, balki tevarakdagi mintaqa xafsizligi uchun ham oldindan aytish qiyin bo‘lgan oqibatlarni yuzaga chiqaradigan uzoq muddatli fuqarolik urushiga olib kelishi mumkin.

Bu haqda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining bosh kotibi Stanislav Zas 23 avgust kuni bo‘lib o‘tgan KXSHTning navbatdan tashqari sessiyasi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, sessiyada «Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olgan holda» O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mehmon sifatida ishtirok etdi.

Uchrashuvda KXSHT rahbarlari — Tojikiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya prezidentlari, shuningdek Armaniston bosh vaziri Afg‘onistonning Panjsher provinsiyasidagi vaziyatni muhokama qilishdi. Avval xabar berilganidek, toliblar o‘zlari nazorat qilmaydigan yagona viloyatda qarshilik kuchlarini qamal qildi. Qarshilik vakillari «Tolibon» bilan to‘qnash kelishga tayyor ekanliklarini ta’kidlab, jiddiy muzokaralarga chaqirishdi.

«Biz ushbu qarama-qarshilikni to‘xtatish, afg‘onlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish va Afg‘onistonda yashayotgan barcha millatlar va elatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda u yerda davlat hokimiyatini qurishga chaqiramiz. Hozirda shimoliy provinsiyalar va „Tolibon“ o‘rtasida kuzatilayotgan konfrontatsiya (qarama-qarshilik — tahr.) afg‘on xalqi uchun ham, butun mintaqa uchun ham og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ushbu qarama-qarshilikdan qochish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarur», — dedi u.

Sessiya jarayonida tashkilotga a’zo davlatlar mamlakatdagi barcha jamoat, siyosiy, etnik va diniy guruhlarning manfaatlarini hisobga olgan holda inklyuziv tinch yo‘l bilan Afg‘onistonda davlat hokimiyatini tiklashning muhimligini ta’kidladilar.

Sessiya davomida Afg‘onistondagi siyosiy rejim butun afg‘on xalqining xohish-irodasini erkin ifoda etishga asoslangan bo‘lishi kerakligi qayd etildi. «Jamiyatning barcha qatlamlarining ijtimoiy-siyosiy manfaatlarini qat’iy hisobga olish, kafolatlash va himoya qilish Afg‘onistondagi har qanday hukumat barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega», — dedi KXSHT rahbarlari.