Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Shayxali qo‘rg‘onchasida joylashgan 35-sonli manzil-koloniyada 19 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qilishga uringani haqida xabar tarqaldi.

Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov Facebook`dagi sahifasida yozishicha, hodisani qamoqxona xodimlari shaxsiy telefoniga videoga olib turgan.

«Hayratlanarlisi, uning lezviya bilan tomirlarini ochayotganini qamoqxona xodimlari shaxsiy telefoniga videoga olib turgan. Ustidan kulib, izza qilishgan. So‘ng yigitni izolyatorga qamashibdi, zonaga qaytarishmoqchi ekan. Bu hodisadan Qashqadaryo maxsus prokurorining g‘azabi qo‘zg‘ab, xodimlarga ish qo‘zg‘atgan. Tergov harakatlari boshlandi, Ombudsmanning mahalliy vakillari ham keldi, dedi voqea guvohlaridan biri», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov izoh berdi.

Uning qayd etishicha, Qarshi shahridagi manzil-koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkum D. J. muassasada joylashgan oziq-ovqat do‘konidan chiqib, cho‘ntagida bo‘lgan soqol olish uchun mo‘ljallangan olmos bo‘lagi (lezviya) bilan qorni va qo‘llarini 3−4 marotaba tilgan.

Holat yuzasidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mahkumda yengil tan jarohatlari aniqlangan. Qarshi maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Shuningdek, Qarshi maxsus prokurori koloniya xodimlariga nisbatan ish qo‘zg‘atgani va tergov harakatlari boshlangani haqidagi ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi xabarda.