O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 avgust kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari uchrashuv ishtirokchilarini mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish, shu jumladan Afg‘oniston bilan chegarani ishonchli qo‘riqlash va himoya qilish borasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida xabardor qildi.

Mamlakatimiz yetakchisi mintaqa davlatlarining aloqador tuzilmalari bilan Afg‘oniston borasida samarali hamkorlik va tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Sammit yakunida mintaqadagi vaziyat yuzasidan o‘zaro maslahatlashuvlar va muntazam axborot almashishni davom ettirishga kelishib olindi.