«Tolibon» harakati, ular nazorat qilmaydigan yagona Panjsher provinsiyasida qarshilik kuchlarini qamal qilganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

«Islom amirligi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga intilmoqda», — deb qo‘shimcha qilinmoqda xabarda.

Avvalroq, «Tolibon» siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim harbiy harakatning maqsadi mamlakatni harakat hukmronligi ostida birlashtirish ekanligini aytgan edi.

Qarshilik kuchlari vakilining ma’lum qilishicha, provinsiyada minglab jangchilar bor va ular «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatishga tayyor, deb xabar bermoqda Al-Arabiya telekanali.

«Biz harakatni jiddiy muzokaralarni boshlashga chaqiramiz. Biz urushga kirishdan avval tinch yo‘l bilan hal qilishga intilamiz», — deya telekanal qarshilik kuchlari vakilining iqtibosini keltiradi.

Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, qarshilik kuchlari Tojikistondan Panjsher provinsiyasiga qurol va o‘q -dorilar olib kelgan.

Bir kun oldin «Tolibon» 20 yil oldin terrorchilar tomonidan o‘ldirilgan, toliblarga qarshi — «Shimoliy ittifoq» rahbari Ahmad Shoh Massudning o‘g‘li, mahalliy qarshiliklar yetakchisi Ahmad Masudga taslim bo‘lish uchun to‘rt soat vaqt berdi.

Ahmad Masud Panjsherni topshirmasligini aytgan. U shuningdek, G‘arb matbuoti ma’lumotlari, ya’ni mahalliy tojik ko‘ngilli qo‘shinlaridan tashqari Afg‘onistonning boshqa hududlaridan qurol bilan kelgan askarlar, shu jumladan maxsus kuchlar askarlari va marshal Abdul-Rashid Do‘stumning qurolli otryadlari, umumiy 10 ming jangchi borligini tasdiqladi.

Bundan tashqari, Afg‘oniston birinchi vitse -prezidenti Amrulla Solih kuchlari Parvon provinsiyasining Choriqar tumanini qayta nazoratga oldi. Janglar davom etmoqda.

Panjsher Afg‘onistonning 34 provinsiyasidan biri bo‘lib, uning aholisi soni 140 mingdan oshadi va murakkab relefga ega hudud hisoblanadi. AQSh boshchiligidagi NATO qo‘shinlarining asosiy kuchlari ushbu provinsiyada joylashgan edi.

«Tolibon» Panjsher darasini 25 yil oldin, 1996 yilda hokimiyat tepasiga kelganda ham qo‘lga kirita olmagan. «Shimoliy ittifoq» rahbari Ahmadshoh Masud ularga qarshilik ko‘rsatib, bu viloyatda o‘z o‘rnini topgan edi. U 1980-yillarda Sovet qo‘shinlariga qarshi ham jang qilgan.