21 avgust kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida yakunlari bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash ma’lumot berdi.

Vazirlik qayd etishiga ko‘ra, hashar davomida:

  • 14 ming 71 gektardan ortiq maydonlar obodonlashtirildi va sanitar tozalandi;
  • 12 ming 60 tonnadan ziyod chiqindilar chiqarib tashlandi;
  • 12 ming 419 km uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalandi;
  • 9 ming 287 ta qabriston va 711 ta ziyoratgohlar obodonlashtirilib, tartibga keltirildi;
  • 5 mln 250 mingdan ziyod daraxtlar oqlanib, ularga shakl berildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 8 ming 460 ta texnika vositalari jalb etilgan.

«Shuningdek hashar kuni 5 ming 947 ta kam ta’minlangan oilalarning 168 metr kvadratdan ziyodi uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi, 10 ming 297 nafar ehtiyojmand oilalarga, shundan 3456 nafar nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatildi», deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur xayriya tadbirlari orqali 3 mlrd 193 mln so‘mdan ortiq, shundan 189,0 mln so‘mdan ortiq mablag‘ «Mahalla» fondi hisobidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatishga sarflandi.

Bundan tashqari, hashar kuni mahallalarda 141 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa obyektlar foydalanishga topshirildi.

O‘tkazilgan xayriya hasharida 9 mln 700 mingdan ziyod fuqaro, shundan 5 mln 664 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgan.

Vazirlik shuningdek, avgust oyi davomida O‘zbekistonning barcha hududlarida obodonlashtirish va tozalik oyligi tasdiqlangan reja asosida kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz qariyalar, nogironlar holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, shuningdek, yangi mahalla binosi, guzarlari va bolalar maydonchalarini qurish va ta’mirlash ishlari bilan davom etishi haqida eslatdi.