Bugun, 22 avgust kuni ertalab Oliy Majlis Senati a’zosi, Farg‘ona viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining Keksalar va faxriylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha o‘rinbosari Topiboldi Xoldorov 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, u surunkali yurak va buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan. Topiboldi Xoldorov Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy ilmiy yordam markazida davolanayotgan edi.

Topiboldi Xoldorov 1942 yil 1 fevralda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. U viloyatda matlubot va savdo sohalarida turli vazifalarda mehnat qilgan.

2000 yildan 2009 yilga qadar Nuroniy" jamg‘armasi Farg‘ona tumani bo‘linmasi, 2009−2020 yillarda “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi bo‘lgan. 60 yillik samarali mehnat faoliyati davrida jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda faol ishtirok etib kelgan.

2016 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Topiboldi hoji Xoldorovning nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning hayotiy tajribalarini farzandlar tarbiyasida, qadriyatlarning saqlanib qolinishida, oila va mahallada tinchlik, xotirjamlikni ta’minlashda asosiy omilga aylantirish borasida olib borgan fidokorona mehnatlari yuksak e’tirofga loyiqdir.