Temuriylar bog‘lari va Toshkentning yashil o‘tmishi
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz»
2009 yilning oxiridan boshlab Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida nazoratsiz ravishda asriy daraxtlar kesib tashlanmoqda. Biz maktab partalarida eshitganimiz buyuk ajdodlarimizning merosidan ibrat olmasdan, o‘z qo‘llarimiz bilan vatanimizni sahroga aylantirmoqdamiz. Tarixchi Tair Gyul Temuriyzodalar o‘z imperiyalarini ko‘kalamzorlashtirishga qanday eʼtibor qaratganlari, O‘rta Osiyo bog‘chilik sanʼatining dunyoga taʼsiri hamda nima sababdan ota-bobolarimizning yashil anʼanalarini davom ettirishimiz lozimligi haqida so‘zlaydi.
Ko‘kalamzorlashtirish muammosi va yashil hududlarning yetishmasligi poytaxt va viloyatlar aholisining so‘nggi yillardagi asosiy dardiga aylandi. Faollar va OAV sharofati bilan bu mavzuda balandroq ovozda gapirila boshlandi. 2019 yil oxirida qimmatbaho daraxt turlarini kesishga qo‘yilgan moratoriy mustaqil O‘zbekiston florasini himoya qilish borasida birinchi bo‘lmasa ham, har holda eng jiddiy chora bo‘ldi. Ammo amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, zanjirli arralar shovqinini to‘xtatish oson emas ekan.

Iyun oyida moratoriy paytida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi 182 mingdan ziyod daraxtni kesish to‘g‘risidagi arizani rad etgani xabar qilindi. Hammasi bo‘lib, 260 ming o‘simlikni kesish uchun so‘rovlar kelib tushgan. Demak, biz shunda ham 78 mingga yaqin daraxtni yo‘qotdik. Qanchasi o‘simlik kasalliklari tufayli va qanchasi “kompensatsiya” sharti bilan qurilishlar uchun kesilib ketdi – bizga aytilmadi.

Ayni paytda poytaxt va boshqa shaharlarda bog‘larning o‘tkir tanqisligi kuzatilmoqda. Ehtimol hozircha mamlakatning voyaga yetgan aholisi o‘z qadrdon tuproqlarini bir vaqtlar yashil bo‘lgan deb yodga olayotgandir, ammo yangi avlod uchun chang va g‘ayritabiiy issiqlik, ulardan faqat konditsionerli xonalarga qochish mumkin, yangi voqelikka va o‘ziga xos meʼyorga aylanishi mumkin.
O‘tmishga nazar tashlasak, noqonuniy daraxt kesish muammosi 2000-yillarning oxirida paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. 2009 yilning noyabrida Amir Temur xiyobonidagi azim chinorlarning aniq sabablarsiz kesib tashlanishi – eng mashhur hodisa va bu kabi hodisalarning tayanch nuqtasi bo‘ldi. Xiyobon 1882 yilda tashkil etilgan. Bir yil o‘tgach, bu yerga chinorlar ekilgan va ular o‘zlarining 126 yillik umrlari davomida ko‘plab voqealarning yagona shohidiga aylandilar.

Taxminlardan biriga ko‘ra, Amir Temur xiyobonidagi daraxtlar tevarak-atrofdagi arxitektura, xiyobonning o‘zi va Amir Temur yodgorligi aniq ko‘rinib turishi ochish uchun kesib tashlangan. XIV asrning buyuk sarkarda va davlat arbobi siymosi yosh respublikaning ozodligi va mustaqilligining timsoliga aylandi va uning tarixiy merosi O‘zbekistonning zamonaviy rahbarlari uchun namuna qilib olindi.
Ammo tarixiy misollar haqida gapirganda, o‘tmishga ham bir nazar tashlaylik: Amir Temur davrida bog‘-rog‘lar barpo etish va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishga hokimiyat qanday munosabatda bo‘lgan? Bu javob zamonaviy amaldorlarni ajablantirishi mumkin. Darhaqiqat, aynan Amir Temur va uning vorislari davrida O‘rta Osiyoning bog‘dorchilik sanʼati o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan.
Amir Temurning bog‘dorchilik sanʼati
Amir Temur o‘z davrining eng qudratli imperiyasini barpo etib, o‘z shaharlari – Samarqand, Shahrisabz, Hirot va boshqalarning tashqi qiyofasi va obodligiga alohida eʼtibor qaratgan. U shahar muhiti o‘z davlatining qudratini namoyon ettirishi kerak deb hisoblardi.

Amir Temurning “Tuzuklar”ida uning nomidan shunday deyilgan:
Men tabiblar, munajjimlar va meʼmorlarni (geometrlarni) huzurimga chorladim, chunki bu odamlar davlatning shon-shuhrati va gullab-yashnashiga hissa qo‘shadilar... Meʼmorlar men uchun ulug‘vor binolar tarhlarini tuzdilar va men uchun bog‘lar rejalarini chizdilar.
Ushbu satrlar bizga o‘sha uzoq zamonlarda mutaxassislar bog‘-rog‘lar barpo etish bilan shug‘ullanganliklari haqida hikoya qiladi.
O‘sha zamonlarda bog‘ majmualari chorbog‘lar - «to‘rt bog‘» deb nomlangan. Bu nom ularning qatʼiy o‘rnatilgan tuzilishini aks ettiradi: to‘g‘ri to‘rtburchakli bog‘lar to‘rt qismdan tarkib topgan. Xiyobon va ariqlar bog‘ning turli qismlarini bir-biridan ajratib turardi. Bog‘ning o‘zi esa baland devor bilan o‘ralgan. Mazkur chorbog‘larning o‘lchamlari ham eʼtiborga molik. Masalan, Bog‘i Dilkusho va Bog‘i Nav bog‘larining maydoni taxminan bir kvadrat kilometrni tashkil etgan (manbalarga ko‘ra, 1500X1500 gaz).

Chorbog‘lar, qoidaga ko‘ra, shovqin-suronli bozorlar, maydonlar va hunarmandchilik mahallalaridan uzoqroqda, shahar chekkasida qad rostlagan. O‘rta Osiyo shaharlarining (mahallalarning) turar joylari anʼanaviy tarzda zich binolar bilan ajralib turardi va u yerlarda bog‘lar yetishtirish uchun joy yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham, u yerlarda har doim bitta yoki bir nechta bargli daraxtlar – chinor, terak, tut daraxti va boshqalarni ekish uchun joylar qoldirilgan. Ularni shaharlar aholisi yozgi jazirama paytlardagi soya va salqinlik uchun juda qadrlashgan.
"Zafarnoma" qo'lyozmasidan miniatyura. Markaziy qahramon – Amir Temur.
Chorbog‘lar Amir Temur va Temuriylar davrida saroy hamda shahar meʼmorchiligining muhim qismiga aylandi. Bu haqdagi qaydlar Lui Gonzales de Klavixoning «Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi», tarixchi Sharofiddin Ali Yazdiy va Ibn Arabshohning asarlari, Zahiriddin Bobur kundaliklari va boshqa tarixiy qo‘lyozmalarda saqlanib qolgan.

Ularda Amir Temur va Temuriylar chorbog‘larining nomlari va tafsilotlari, zodagon va boy shaharliklarning xususiy bog‘lari haqidagi qaydlar, XIV – XV asrlarda masjidlar, xonaqohlar va boshqa jamoat inshootlari qoshida barpo etilgan bog‘lar to‘g‘risidagi maʼlumotlar saqlanib qolgan.

Xususiy bog‘lar odatda begonalar uchun yopiq bo‘lgan. Biroq buyuk sarkarda o‘zining uzoq yurishlari vaqtida Samarqand aholisi va mehmonlariga uning bog‘lariga erkin tashrif buyurishga ruxsat bergan.

Amir Temur tug‘ilgan shahar – Kesh uning ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari sharofati bilan yangi vasf – “Shahrisabz” yoki “Yashil shahar”ga ega bo‘ldi. Shahar bugunga qadar mana shu nom bilan mashhur bo‘lib kelmoqda.
Shahrisabz, 2016 yil.
Foto: Jamshid Norqobilov / O‘zA
Temur o‘z poytaxti – Samarqandni bezatishga alohida eʼtibor qaratgan. Shahar ichkarisi ulug‘vor meʼmorchilik namunalari, tashqarisi esa moʻjizakor chorbog‘lar bilan bezatilgan. Ular poytaxtni yashil kamar singari o‘rab olgan va ularning maydoni shahar hududidan ham kattaroq bo‘lgan.

De Klavixo o‘zining sayohat kundaliklarida shunday deb yozadi:
Butun shahar (Samarqand) bog‘lar va uzumzorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ular ayrim joylarda bir yarim liga (1 liga = 4,82 km), boshqa joylarda esa ikki ligaga qadar uzayadi. Shaharning o‘zi esa ular o‘rtasida… Ushbu shahar chetidagi bog‘larda ko‘plab ulkan va boy inshootlar qad rostlagan, senyorning (Temurbek) o‘zida esa saroylari va asosiy maqbarasi bor. Bundan tashqari, zodagon shaharliklarning ushbu bog‘larda o‘z uylari va binolari joylashgan. Va shahar atrofida bunday bog‘ va uzumzorlar shu qadarki, unga kirib borayotganingda go‘yoki butun boshli baland daraxtzor o‘rmonga yaqinlashayotgandek bo‘lasan. Uning o‘rtasida esa shaharning o‘zi turadi».
Samarqand atrofidagi saroyli bog‘larning go‘zalligi va hashamati xalq og‘zida afsonalarga aylandi.
Manbalarda Amir Temur topshirig‘i bilan barpo etilgan bir qator bog‘larning nomlari saqlab qolingan:
1
Bog‘i Behisht
Jannat bog‘i, 1378-yil
2
Naqshi Jahonnamo
Jahon naqshi, 1370-yillar
3
Bog‘i Amirzoda Shoxrux
Shaxzoda Shoxrux sharafiga, 1394-yil
4
Bedana-kuruk
Bedana qo‘riqxonasi
5
Bog‘i Shamol
1397-yil
6
Bog‘i Davlatobod
1399-yil
7
Bog‘i Jahonnoma
Jahon ko‘zgusi, 1398-yil
8
Bog‘i Nav
Yangi bog‘, 1404-yil
9
Bog‘i Chinor
10
Bog‘i Buldu
Mamnunlik bog‘i
11
Bog‘i Dilkusho
«Amir Temurning tarjimai holi»da (ekspertlar uning muallifi borasida shubha bildirib, mazkur ishni keyinchalik uning avlodlari buyurtmasi asosida yozilgan, deb hisoblaydilar) shunday deyiladi:
Men muborak saltanatimdan yig‘ilgan saroy meʼmorlari va quruvchilarini chorlashlarini buyurdim. Ularga maysazor va xiyobonlar rejalarini ishlab chiqishni topshirdim va bog‘ barpo etishni boshladilar…
Amir Temur Bog‘i Dilkushoda Kastiliya qiroli elchilarini qabul qilgan. Klavixo mazkur bog‘ va saroyning tuzilishi haqida batafsil bayon etgan.
реклама
реклама
Amir Temur avlodlarining bog‘lari
1405 yilda Temurning vafotidan keyin uning avlodlari qo‘l ostida bog‘dorchilik sanʼati rivojlanishda davom etdi. Nabirasi Ulug‘bek Cho‘ponota etagida (Samarqandning shimoli-sharqiy chekkasidagi tepalik – tahr.) bobosi boshlagan Bog‘i Maydon bog‘ini qurib bitkazdi. Ulug‘bek bu yerda ikki qavatli Chil-sutun (Qirq ustun) saroyini qurdi.

Ulug‘bek, shuningdek, Bog‘i Maydon yaqinida, Cho‘ponota yonbag‘rida moʻjaz bog‘cha barpo etishni buyurdi. Uni Chinnixona – devorlari XV asrda oltin bahosida qadrlangan xitoy chinnisi bilan qoplangan go‘zal saroy bezab turardi.

XV asrning ikkinchi yarmida Samarqandda sahovatpesha boy Darvish Muhammad Tarxonning bog‘i mashhur bo‘lgan. Uning chorbog‘i Bog‘i Maydonning bir oz pastrog‘ida qarag‘ay, archa va oq terak bilan o‘ralgan zinapoyalar shaklida barpo etilgan. Bu joy o‘zining go‘zalligi va toza havosi bilan mashhur edi.
Humoyun maqbarasi majmuasi, Deli, Hindiston.
Foto: AKDN.
Alisher Navoiy tomonidan Hirot ahliga sovg‘a sifatida barpo etilgan chorbog‘lar: Bog‘i Marg‘ani, Bog‘i Puli Sangkashon («Tosh tashuvchilar ko‘prigi yaqinidagi bog‘»), Bog‘chai Shavqiya («Jozibador bog‘»), Gozurgohdagi (Hirot yaqinidagi shaharcha) va boshqa joylardagi bog‘lar yana-da mashhur bo‘lib ketdi.

O‘rta asrlar tarixchisi Xondamirning yozishicha, Navoiyning Hirotdagi bog‘lari oddiy shaharliklar uchun ochiq bo‘lgan hamda dam olish va sayr qilish uchun sharoitlari, shuningdek, binolar maftunkorligi va yam-yashil o‘simliklari bilan tengsiz bo‘lgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur ham bog‘lar barpo etish bilan shug‘ullangan. 1504 yilda Kobul viloyati (Afg‘oniston) hokimiyatini qo‘lga kiritgach, u Kobul yaqinida Bog‘i Binafsha, Chorbog‘, Bog‘i Xilvat, Istargacha yaqinida – Bog‘i Podishoh, Pagmanda – Bog‘i Kalon bog‘larini barpo etgan.
Bobur Hindistonni egallagach (1519 – 1527 yillarda), o‘zining qisqa hukmronlik yillarida u yerda ham ko‘plab arxitektura inshootlari, shuningdek, Samarqand va Hirotdagiga o‘xshash bog‘lar qurdirdi. Ular orasida Adinapurda Bog‘i Vafo (1508-1509 yillar), Agra yaqinida Bog‘i Xasht-Bixisht (Salomatlik bog‘i), Dxolpurda Bog‘i Nilufar va 1527-1529 yillarda Sikrida barpo etilgan Bog‘i Fath maʼlum.

“Boburnoma”da Bobur hamda uning yaqin beklari tomonidan Afg‘oniston va Hindistonda bunyod etilgan 17 ta bog‘ tilga olingan. Boburning o‘zi professional landshaft meʼmorining barcha sifatlariga ega edi: u o‘simliklarni yaxshi bilardi, tabiiy va iqlim sharoitlarini hisobga olgan va tafsilotlarga alohida eʼtibor berib, landshaft xususiyatlaridan mohirona foydalangan.
Bodom terish. “Bobur-noma” asaridagi miniatyura. Rasom Baxvoni
Manba: east.totalarch.com
"Bog‘i Vafo" bog‘i. “Bobur-noma” asaridagi miniatyura. Rassom Daxnu
Manba: east.totalarch.com
Kobul chekkasidagi Xo‘ja Seyaran bulog‘i. “Bobur-noma” asaridagi miniatyura. Rassom Maxish
Manba: east.totalarch.com
Kobul chekkasidagi Xo‘ja Seyaran bulog‘i. “Bobur-noma” asaridagi miniatyura. Rassom Sangar Kujarotiy
Manba: east.totalarch.com
1530 yilda vafotidan so‘ng, u o‘zining sevimli bog‘laridan biriga – Kobul yaqinidagi Shohi-Kobul tog‘i etagidagi Chorboqqa dafn qilindi. Boburning Hindistondagi qisqa hukmronlik davri meʼmoriy merosi uning vorislari tomonidan rivojlantirilgan va yana-da kengaytirilgan.
Bobur.
Manba: east.totalarch.com
Yer madaniyati va arxitektura Temuriylar davridagi bog‘dorchilik sanʼatining qismi sifatida
Amir Temur va Temuriylar davridagi O‘rta Osiyo bog‘dorchilik sanʼatining zamirida yer egalarining ko‘p asrlik tajribasi va O‘rta Osiyo va qadimgi Eronning bog‘dorchilik va bog‘ meʼmorchiligi anʼanalari yotadi. Oddiy dehqonlar o‘z tajribalari asosida yerga ishlov berish va har xil turdagi o‘simlik hamda daraxtlarni o‘stirish sirlarini o‘rgangan va ularni avloddan avlodga yetkazganlar, olimlar tomonidan esa to‘plangan, tizimlashtirilgan va ilmiy risolalarda qayd etilgan.

Masalan, «Irshod az Ziroa» («Ziroatchilik qo‘llanmasi») XIV – XV asrlarda O‘rta Osiyoda agrotexnik madaniyat va bog‘dorchilik qurilishi yutuqlari hamda o‘ziga xosliklarini o‘zida mujassamlashtirgan. Unda «Ko‘chatlar, gullar, xushbo‘y o‘simliklarni ekish, chorbog‘ qurish va uni yuritish to‘g‘risida»gi alohida bob mavjud.

XV asrning 70-80-yillarida mazkur asar Hirotda qayta yozilgan hamda xalqqa qilgan xayru sahovati va millat bog‘chalarini barpo etgani uchun Alisher Navoiyga bag‘ishlangan.
«Irshod az Ziroa»da chorbog‘ uchun gul navlarini saralashda biri ochilib bo‘lgach, boshqasi gullashi uchun qanday gul navlaridan tashlash kerakligi bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan. Shunday qilib, chorbog‘lar erta bahordan kech kuzga qadar gullab-yashnab turgan. Turli navlardagi manzarali va mevali daraxtlarni o‘tqazishga ham oz eʼtibor qaratilmagan.

Meva daraxtlarini o‘tqazish nafaqat amaliy, balki estetik qiziqishlarga ham tayanadi: «qor oqi, nafarmon, pushti rangli gullar bahorda, yam-yashil barglar orasidagi to‘q sariq va qizil mevalar yoz va kuz boshlanishida, qip-qizil-oltinrang barglar kech kuzda bog‘larga o‘ziga xos joziba bag‘ishlardi».

Shuningdek, risolada sug‘orish – chorbog‘ hududida suv yo‘llari va havzalarining keng tarmog‘ini yaratish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ham mavjud. Temur bog‘ va bog‘chalarida mohir meʼmorlar tabiiy yon bag‘irlarga favvoralar va hatto kaskadli sharsharalar barpo etganlar (Bog‘i Dilkusho va Bog‘i Navda ham shunday bo‘lgan).
Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”
Temuriylar chorbog‘ining qoq markazida saroy – hordiq chiqarish uchun shahar tashqarisidagi qarorgoh bunyod etilgan. Bog‘ bo‘ylab kashta va yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ko‘plab kichik ayvonchalar va ko‘shklar bo‘lgan. Arxitektura, yashillik va suv bir-birini uyg‘un ravishda to‘ldirgan. Bog‘, suv ombori, saroy va ko‘shklar yagona kompozitsion organizmga birlashtirilgan.
реклама
реклама
Shunday qilib, Amir Temur va Temuriylar boshqaruvi davrida O‘rta Osiyoda bog‘dorchilik sanʼati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Keyingi asrlarda uning anʼanalari Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindiston, Eron va Turkiya meʼmorchiligida davom ettirildi. Temuriylar davridagi bog‘dorchilik sanʼatining taʼsirini XVI asrdan boshlab Fransiya va Gollandiya bog‘lari va gulzorlarida uchratish mumkin. XV asrda Movarounnahr va Xitoy bog‘dorchilik sanʼati o‘rtasida parallellik kuzatiladi.

Davlat mafkuramizning eng mashhur davri bo‘lmish Amir Temur va Temuriylar davri tarixi bizga yashil jamoat hududlariga bo‘lgan munosabatning yorqin misolini ko‘rsatmoqda.

Birgina Samarqandning o‘zida Amir Temur topshirig‘i bilan oddiy fuqarolar uchun ochiq bo‘lgan eng kamida 11 ta bog‘ va bog‘cha majmualari barpo etilgan. O‘zbekistonda qaysi hokim o‘zi rahbarlik qilayotgan hududda ana shunday natijalar ko‘rsatgani bilan maqtana oladi? Shu bilan birga, o‘rta asrlarda, sanoat davrigacha bo‘lgan vaqtlarda havoning ifloslanishi muammosi zamonaviy o‘zbekistonliklar oldidagi kabi o‘tkir bo‘lmagan. Biroq shunday hissiyot shakllanmoqdaki, o‘sha zamonlarda insonlar tabiat go‘zalligi va uning neʼmatlarini hozirgiga qaraganda ko‘proq qadrlaganlar.
XIX asrda yashil Toshkent
Yashil bog‘lar taqchillashib borayotgan bugungi vaziyat XIX asr yozma manbalarida tilga olingan yam-yashil, gullab-yashnagan Toshkent haqidagi qaydlarga butunlay teskari. XVIII–XIX asrlarda xorijdan Toshkentga shixtmeysterlar (tog‘-kon sohasi amaldorlari) Timofey Burnashev va Mixail Pospelov tashrif buyuradi. Ular shahar hokimi Yunus xojining iltimosiga ko‘ra foydali qazilmalarni qidirish va bu yerda ruda konlarini ochish uchun kelishadi.

Rus amaldorlari o‘zlarining sayohat kundaliklarida Toshkentni shunday deb taʼriflashadi:
Toshkent shahri atrofi devor bilan o‘ralganiga qaramasdan, daraxtlar past binolarni to‘sib, uni uzoqdan ko‘zga ulkan bog‘ singari ko‘rsatadi…
Toshkent Rus imperiyasi qo‘shinlari tomonidan egallanganidan so‘ng 1865 yilda harbiylar tomonidan yozib qoldirilgan qaydlar saqlanib qolgan. Kazaklar ofitseri A.P. Xoroshixin o‘zining Toshkent haqidagi ocherkida bog‘lar shaharni hamma tomonidan bir necha vyorst (1 vyorst – 1,06 km) qalinlikda tasma singari o‘rab olganini yozadi.
Eski shaharning ko‘chalaridan birida, Toshkent, 1890-1910 yillar.
Foto: Nikolyai, O‘zbekiston tarixi muzeyi / Tashkent Reptroperspective
1867 yilda Toshkent Turkiston general-gubernatorligining maʼmuriy poytaxtiga aylantirildi. Shahar aholisi keskin ko‘paydi, poytaxt tez surʼatlarda qurilib, o‘sdi. Biroq bu jarayonlar, o‘sha vaqtlarda Toshkentga kelgan fransuz tarixchisi va geografi Elize Reklyuning qaydlariga ko‘ra, shaharni ko‘kalamzorlashtirish ishlariga juda katta taʼsir ko‘rsatmagan.
Toshkent Orol-Kaspiy mamlakatlarining eng muhim shahriga va hatto butun Rossiya imperiyasidagi yetakchi shaharlaridan biriga aylandi... Kattaligi Parij bilan bir xil bo‘lgan, uzunligi 13 km, kengligi 7 dan 8 km gacha, shunday bo‘lsa ham, Toshkent kam sonli aholiga ega... deyarli barcha uylar past, yashilliklar ortiga yashiringan, shuning uchun uzoqdan shahar butun boshli o‘rmonga o‘xshaydi; faqat ruslar barpo etgan baland binolar tomlari va baʼzi masjidlar gumbazlarigina anhorlar sohilida o‘sgan terak, tol va boshqa daraxtlar ustidan ko‘rinib turadi.
Nihoyat, rus sayohatchisi va Kavkaz va O‘rta Osiyo tadqiqotchisi knyaz Vladislav Masalskiy o‘zining «Turkiston o‘lkasi» (1913) kitobida shunday yozadi:
Toshkentning ko‘rki – uning bog‘laridir... O‘simliklar va suvning ko‘pligi shaharga juda jozibali ko‘rinish beradi...
Konstantin xiyoboni, 1905-1910 yillar.
Pochta kartasi / Tashkent Reptroperspective
Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlari butun tarixi davomida o‘z bog‘lari va daraxtlari bilan mashhur bo‘lgan. Ular yozda soya, salqinlik va mo‘l-ko‘l mevalar bergan. Toshkent yaqin zamonlarda ham o‘sha-o‘sha edi, hatto 20 yil oldinroq ham.

Ammo hozir, agar biror bir sayyoh poytaxtga sahrodan kelmasa, hech kim Toshkentni “yashil” yoki «gullab -yashnayotgan» shahar deb taʼriflash uchun til aylantira olmasa kerak.
Amir Temur xiyoboni 2020 yil mart oyida.
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Ko‘cha-ko‘yda ko‘p yuradigan odam sifatida, muammoning ildizi faqatgina amaldorlarning noto‘g‘ri va jinoiy harakatlarida deb ayta olmayman. Toshkentning zamonaviy aholisi ham o‘zgargan. 1980-90-yillarda ko‘p qavatli uy-joylar mavzelarida uylar tevarak-atrofidagi uchastkalarda bog‘ va tomorqalar yetishtirish odatiy hol edi. Hamma joyda daraxtlar, ayniqsa mevali daraxtlar, butali yashil devorlar, shu jumladan rezavor butalar (uzum, maymunjon, naʼmatak, malina) o‘sardi, bog‘chalarda anvoyi gullar ochilib turardi.

2000-yillardan odamlar tez-tez uylar oldidagi maydonchalardagi keksa daraxtlarni kesib, oynalari oldidagi uchastkalarni o‘simliklardan o‘z xohishiga ko‘ra tozalab, ko‘proq manzarali o‘simliklarni ekishni boshladi.

2010-yillarda yangi tendensiya shakllana boshladi. Endi birinchi qavatlarda yashaydigan odamlar oynalari ostidagi butun yashilliklarni kesib, yulib tashlab, u yerga mashinalari turishi uchun beton quyishni boshladilar.
Foto: “Gazeta.uz”
Zamonaviy shaharliklarning tabiatga bo‘lgan munosabati ham o‘zgardi. Bog‘chalardagi butali yashil to‘siqlar o‘rnini panjarali devorlar egalladi, yovvoyi o‘tlar esa taptaqir yer yoki eng yaxshi holatda ora-orasida ikki-uch tup manzarali buta yoki daraxti bo‘lgan gazon maysazorlariga almashtirildi.

Juda kamyob shaharliklargina (agarda ko‘p qavatli uyda yashasa) ko‘chat ekib, uni sug‘oradi va sovuqlardan asraydi, o‘g‘it berib, unib-o‘sishi, bo‘y cho‘zib, hosil berishini sabr bilan kuta oladi. Mevalarni bozordan sotib olsa bo‘ladi, jaziramadan uyda konditsioner ostida jon saqlash mumkin, daraxtga kelsak, hali kuzda barglarini supurib olish kerak – ortiqcha daxmaza.

Bu vaqtda mutaxassislar ogohlantirishda davom etmoqda: shaharlarda yashil hududlarning kamayishi ekologik inqirozni keltirib chiqaradi. Daraxtlarning kesilishi, avtotransport vositalari sonining ortishi va qurilishlar ortidan havo sifati yomonlashmoqda, odamlarda allergik va respirator kasalliklar ko‘payib, tuproq qatlamlarida erozi va namlikning taqsimlanishidagi muammolar oshmoqda. Havo sifatining yomonligi ayniqsa koronavirus tarqalgan vaqtda yaqqol ko‘zga tashlandi, bu holat odamlarning virus oldidagi zaifligini yana-da kuchaytirdi.

Axir shu Temuriylar davrida barpo etilgan va XIX asr sayyohlari tilga olgan shahar-bog‘larimizni ona zaminimiz shaharlariga qaytarishga arzirli sabab emasmi? Shu davlatning buyukligini aks ettiruvchi muhitni yaratish uchun sabab emasmi?
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin
Qiziqarli narsalarni bilasizmi, u haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni info@gazeta.uz elektron manziliga yuboring

Matn muallifi Tair Gyul.
Materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. www.gazeta.uz saytiga joylashtirilgan va “Gazeta.uz”ga tegishli foto-, grafik va boshqa materiallardan uchinchi shaxslar tomonidan har qanday ko‘rinishda foydalanish taqiqlanadi.

“Gazeta.uz” uchun maqola yozmoqchimisiz? O‘z rezyumeingizni
job@gazeta.uz elektron manziliga yuboring

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting