Bugungi kunga kelib mahalliy hokimiyatlarda 349 nafar tadbirkor oldida ularga tegishli bino va inshootlarning buzilishi munosabati bilan 123 mlrd so‘m miqdorida qarzdorlik mavjud. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Barcha viloyat hokimlarini ogohlantiraman: 1 sentyabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilishi, bir so‘m ham qarzdorlik qolmasligi shart», — dedi davlat rahbari.

Fevralda Bosh prokuratura 2020 yilda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilgan mulklar bo‘yicha yetkazilgan zararlarning atiga 45 foizi mulk egalariga qoplab berilganini ma’lum qilgan edi. «Snos» bo‘yicha eng ko‘p noqonuniy qarorlar Andijon viloyatida qabul qilingan bo‘lib, Toshkent shahri esa to‘lanmagan tovon puli miqdori bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev buzib tashlangan ko‘chmas mulk egalariga 2021 yil yakuniga qadar barcha to‘lovlar to‘liq qoplanishini va’da bergandi. Shuningdek, o‘shanda deputat Rasul Kusherbayev «snos» masalasi yaqin yillar ichida eng katta bosh og‘rig‘i bo‘lib qolishini ta’kidlagan edi. ««Snos»ga qarshi moratoriy eng to‘g‘ri yo‘l», — degan edi deputat.

Avvalroq, yer kodeksiga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishning yangi tartibi oid o‘zgartish kiritilgan edi. Endi yerni olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror xalq deputatlari kengashi tomonidan mulkdorlar bilan muhokama qilingandan so‘ng qabul qilinadi va buzish faqat ko‘chmas mulk uchun kompensatsiya to‘langanidan so‘ng amalga oshirilishi mumkin.