20 avgust kuni kechqurun afg‘onistonlik ayol O‘zbekiston orqali evakuatsiya vaqtida farzandini dunyoga keltirdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘shni Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyat tufayli xorijiy mamlakatlar o‘z fuqarolari va afg‘on qochqinlarini O‘zbekiston hududi orqali evakuatsiya qilmoqda. Hozirgi vaqtda Germaniya, Rossiya, Shveysariya, Avstriya, Daniya, Polsha, Slovakiya, Qozog‘iston kabi davlatlar bilan aeroport infratuzilmasidan foydalanish xizmatlarini taqdim etish, havo makoni orqali uchishga ruxsat berish, aeroportga uchib kelish, qo‘nish, zarur texnik va logistika yordamini ko‘rsatish bo‘yicha birgalikda sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekiston hududi orqali 1982 nafar chet el fuqarosini evakuatsiya qilish ta’minlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistondan parvozlar amalga oshirilayotgan aeroportning o‘zida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy punkt tashkil etilgan bo‘lib, unga tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari hamdaToshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasidan brigada navbatchilari jalb etilgan. Tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan insonlarga zarur xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Xususan, 1999 yilda tug‘ilganafg‘onistonlik fuqaro E. A. «Homiladorlik 1. Tug‘ruq 1. 39−40 hafta.» tashxisi bilan tez tibbiy yordam brigadasi orqali I.Irgashev nomidagi Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga yotqizilgan edi. Juma kuni kechqurun ushbu muassasada 22 yoshli E.A. ilk farzandini dunyoga keltirdi. Afg‘onistonlik yosh ona 3 kilogramm 840 gramm vazn bilan tug‘ilgan o‘g‘lini o‘zbek shifokorlari yordamida qo‘liga oldi. U ma’lum muddat mutaxassislar nazoratida bo‘lib turadi.

O‘zbekiston TIV yaqinda 150 nafar afg‘on fuqarosi o‘z xohishiga ko‘ra Vataniga qaytarilgani haqida xabar qilgan edi. O‘zbekiston «Tolibon» rahbariyati vakillari bilan «ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olish» bo‘yicha kelishib olgan.