Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan juma kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mahalliy mahsulotlar raqobatbardosh bo‘lishi, yangi bozorlarga chiqishi, umuman hududlararo savdo va kooperatsiya aloqalarini bog‘lashda, transport-logistika masalalari muhimligini ta’kidladi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada, transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali o‘tkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish, transport xarajatlarini qisman qoplash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim orqali, yil boshidan buyon 3 mingdan ziyod eksportyorlarga 200 mlrd so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilishi natijasida qariyb 800 mln dollarlik eksport amalga oshirildi.

Buning uchun birinchi navbatda yuk avtomobillarini olib kirishga, 2 yil avval bojxona imtiyozlari berganimiz hisobiga avtotransportda tashish xizmatlari 2 baravarga arzonlashdi, yuk hajmi esa 1,5 baravarga oshdi.

«Lekin, bu imtiyoz 4 oydan keyin tugaydi. Shu bois, 40 dan ziyod tadbirkorlar ushbu bojxona imtiyozlarini uzaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini билдир́ган. Bularni inobatga olib imtiyozlarni yana 3 yilga uzaytirish bo‘yicha kuni kecha yangi qarorni imzoladim», — dedi prezident.

Bundan tashqari, «Polvontosh» (Surxondaryo) va «Afrosiyob parranda» (Samarqand) korxonalari rahbarlari ichki va tashqi temir yo‘l tariflari o‘rtasida katta farq borligi ya’ni xalqaro tashuvlar narxi, ancha юқ́орилигини bildirgan.

«Shu bois Transport vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliya qo‘mitasi bilan birga ikki oy muddatda temir yo‘l tariflarini qayta ko‘rib chiqsin. Bunda, tadbirkorlarga o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25 foiz arzon bo‘lishi kerak», — deya topshiriq berdi davlat rahbari.

Shuningdek, Transport vazirligi 2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, temir yo‘l sohasida kelgusi 5 yil uchun 7000 dan ortiq yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud.


«Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishga o‘xshab, faqat va faqat xususiy sektorni jalb qilish orqali, ijobiy hal qilish mumkin. Shuning uchun, kelgusi yilda o‘z vagoni va konteyneriga ega bo‘lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi», — dedi u.

Bunda, davlat tomonidan faqatgina temir yo‘l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa, bozor tamoyillari asosida tashkil qilinadi.

Shuning uchun xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar, 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

«Agar mana shunday raqobat bo‘lmasa, xususiy sektor kirmasa „O‘zbekiston temir yo‘llari“ monopoliyasini topshirmaydi, sifati o‘zgarmaydi, narxi kamaymaydi. Biz endi besh yil o‘rgandik… bu juda og‘ir. Germaniyadan raqamlashtirish bo‘yicha odamlarni olib kelganman. Kerak bo‘lsa, temir yo‘lchilar Germaniyadagilarga bas keladi. Bu yerda noto‘g‘ri emas, ular kelib bizdan o‘zgansin deydi, bir-ikkita noinsoflar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Xusnutdin Xasilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi boshqaruvi raisi Xusnutdi Xasilov kabi odamlar o‘z dunyo qarashini o‘zgartirmasa, prezident ularni o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi.

«Ularga yana bir yil sinov… Bizga xususiy sektor kelmaydi deydiganlar noto‘g‘ri o‘ylaydi. Kerak bo‘lsa, o‘zing tashkillashtirasan, o‘zing kredit olasan, o‘zing banklarga yalinasan», — dedi u.

Davlat rahbari Xusnutdun Xasilovga 2−3 ta xususiy kompaniyalarni jalb qilish topshirig‘ini berdi va dunyodagi eng yirik logistika kompaniyalarini misol qilib keltirdi.

«Ularni O‘zbekistonga olib kelasan. Ular [sohaga] raqobatchi bo‘lib kiradi. Keyin ular seni monopoliyangni yo‘q qilish uchun arzonroq, tezroq va sifatli qilib, o‘zini mashinasida tadbirkorni omborigacha olib borib beradi. Ular qiladi, shu dunyoda bor-ku. Bizda faqat bu „O‘zbekiston temir yo‘llari“ jo‘q diyishni biladi, jo‘q deydi. Hamma narsa jo‘q. Bor bo‘ladigan qilsang ishlaysan, jo‘q bo‘lsa o‘zing ham jo‘q bo‘lasan. Tamom», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq, prezident ishbilarmonlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgani haqida xabar qilgan edik.