Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti boshlandi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Men hokim, bosh vazir bo‘lganimda tadbirkorlarni qanday muammolar qiynayotganini bilganman. Menda ularga yechim topish kerak degan armonim bor edi… Tadbirkor his qilsin, u hozirgi Yangi O‘zbekistonning zamini. Besh nafar odam ishlatadami, o‘n kishiga ish beradimi, u hozirgi islohotlarning haqiqiy islohotchisi”, — dedi u.

U so‘zida davom etar ekan, tadbirkorlar bilan ishlamayotgan hokimlarni tanqid qildi.

“Prezident vaqt topayapti, nega hokimlar vaqt topmaydi? Mana hozir viloyat, shahar, tumanlarni hokimlari o‘tiribdi, ular yaxshilab eshitib olishi kerak… Biz xalqimizni rozi qilamiz desak, tadbirkorlarga ko‘makchi, yelkadosh bo‘lishimiz, qonunchilikka kerakli o‘zgartishlarni kiritishimiz lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, islohotlar ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar yaratib berish maqsadida qilinayotganini qayd etdi. “25 yilda ololmagan GSP+ ni 5 yilda olish oson emas. Buning uchun qanchadan qancha ishlarni qildik”, — dedi u.