Hozir bo‘lib o‘tayotgan prezident va ishbilarmonlar muloqotida Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda tadbirkorlar iqtisodiyot va islohotlar tayanchi hamda lokomotiviga aylangani ta’kidladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ularda hozirgi kunda, 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilmoqdalar», — dedi u.

«Agar biz, iqtisodiyotimizni yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun, barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur… Men bugun izlanishga keldim, sizlarni tinglashga keldim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi 3−4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda,ko‘plab yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilgani aytildi.

«Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xom ashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning кўп́ига, barham berildi. Eng asosiysi, el orasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi, jamiyatda ularning obro‘ va mavqei, kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada, ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan, haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi», — dedi davlat rahbari.

Avvalroq, prezident tadbirkorlar bilan ishlamayotgan hokimlarni tanqid qilgan edi. «Prezident vaqt topayapti, nega hokimlar vaqt topmaydi? Mana hozir viloyat, shahar, tumanlarni hokimlari o‘tiribdi, ular yaxshilab eshitib olishi kerak», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.