Ishbilarmonlar bilan muloqot davomida Shavkat Mirziyoyev ularni qiynayotgan muammolarni barchasidan xabardor ekanligini aytdi, deb xabar beryapti “Gazeta.uz” muxbiri.

“Men, sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman. Bugunga qadar, eng dolzarb muammolarni тизимлашт́ириб, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha, chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Bugun Sizlar bilan birgalikda, ularni batafsil muhokama qilib olmoqchimiz”, — dedi prezident.

U birinchi yo‘nalishda ishbilarmonlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qildi.

“Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan”, — dedi u.

Misol tariqasida Urgutda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaradigan “Sam Elektro Servis” korxonasi ikki yarim milliard so‘m kreditni 3 yil muddatga olgani, korxona foyda bilan ishlashi uchun esa, unga kamida 5 yil muddat kerakligini aytdi.

“Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi. Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8−10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit, valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga, qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham, ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun og‘ir yuk bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda.

Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha, kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.

“Banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha, qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida, qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu mablag‘lar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtirilishi ta’kidlandi. “Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarni taqdim qilsa, ushbu mablag‘lar shu banklarga ajratiladi”, — dedi u.

Mazkur mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham, tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurslar jalb qilishi aytildi.

“Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trln so‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi. Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor bo‘lgan, zamonaviy texnologiyalarga ega, yirik xorijiy banklarni kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz”, — dedi prezident.

Bu ham o‘z navbatida, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo‘lgan, sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.

“Bugungi yig‘ilishda qatnashayotgan har bir bank rahbari „tobora kuchayib borayotgan raqobatga munosib bo‘lish hamda tadbirkorlarni rozi qilish uchun, nimani o‘zgartirishim kerak“, degan savolni o‘ziga berishi va jiddiy xulosa qilishi lozim”, — dedi davlat rahbari.