Prezident bir guruh tadbirkorlarga minnatdorchilik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yangi ish o‘rinlarini yaratish, eksport salohiyatini oshirish va byudjet barqarorligini ta’minlash yo‘lida hissa qo‘shayotgan 100 nafar tadbirkorga minnatdorchilik bildirdi.

“Hokim, bosh vazir bo‘lganimda tadbirkorlar muammolarini bilardim, ularga yechim topish armonim bor edi” — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti boshlandi. U tadbirkorlar bilan ishlamayotgan hokimlarni tanqid qildi. “Prezident vaqt topayapti, nega hokimlar vaqt topmaydi? Mana hozir viloyat, shahar, tumanlarni hokimlari o‘tiribdi, ular yaxshilab eshitib olishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Iqtisodiyotimizni yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz zarur” — prezident

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan bo‘layotgan ochiq muloqotda tadbirkorlar iqtisodiyot va islohotlar tayanchi hamda lokomotiviga aylanganini ta’kidladi. So‘nggi 3−4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda, ko‘plab yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilgani aytildi.

Banklarga beriladigan kreditlar muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi

Prezident tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta — “so‘m"da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. 1 oktyabrdan ilgari 1 mln dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 mlrd dollarga yaqin kreditlari milliy valyutaga o‘tkazib berilishi aytildi.

“Inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz” — prezident

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda hamma arzon kredit olishni xohlashini, biroq foizni sun’iy pasaytirish bozordagi muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. “Lekin, kredit foiz stavkalarini sun’iy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun, iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozim”, — dedi davlat rahbari.

“Soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni ortgani meni xavotirga solmoqda” — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani uni xavotirga solayotganini ta’kidladi. Soliq ma’murchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan, jiddiy choralarni amalga oshirish zarurligi aytildi.

5000 va 10 000 so‘mlik kupyuralarning yangi dizayni e’lon qilindi

5000 so‘m va 10 000 so‘m nominaldagi yangi banknotalar 26 avgustdan muomalaga chiqariladi. Markaziy bank ularning dizaynini e’lon qildi. 2013 yil va 2017 yil namunasidagi banknotalar to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi.

Yuk mashinalari importiga imtiyozlar joriy qilinmoqda

2025 yilga qadar O‘zbekistonga ayrim turdagi yuk mashinalarini olib kirganda bojxona boji, utilizatsiya va avtotransport yig‘imlarining nol stavkalari qo‘llaniladi.

“Daraxtlar — reklama joyi emas!” — Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

Yil boshidan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 1300 dan ortiq daraxtlarga reklama o‘rnatish holatlarini aniqlagan. “Reklama to‘g‘risida"gi qonun va hukumat qaroriga muvofiq, daraxtlarga reklama joylashtirish taqiqlanadi.

Prezident 20 avgustni “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilishni taklif etdi

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvni har yili o‘tkazish kerakligini ta’kidlab, 20 avgustni mamlakatda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l yuklarini tashish sohasidagi monopoliyani tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l yuklarini tashish sohasidagi monopoliyani tanqid qildi va xususiy logistika operatorlari o‘zining vagonlari bilan faoliyatini boshlashini ma’lum qildi. Prezident “O‘zbekiston temir yo‘llari” raisiga monopoliyani bartaraf etish to‘g‘risida topshiriq berdi. “Kerak bo‘lsa, o‘zing tashkillashtirasan, o‘zing kredit olasan, o‘zing banklarga yalinasan”, — dedi u monopol kompaniya rahbariga yuzlanib.

“Eksportga yuborgan mashinamizni ichki bozorga nisbatan 30−40 foizga arzonroq sotar edik” — prezident

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar eksportga ichki bozorga nisbatan 30−40 foiz arzonroqqa sotilgan, deya ta’kidladi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida raqobat muhitining shakllanishi, Toshkent, Namangan va Jizzax viloyatlarida yangi zavodlar qurilishi natijasida avtozavod o‘z faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.

150 nafar Afg‘oniston fuqarosi orqaga qaytarilgan — TIV

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonning 150 nafar fuqarosi o‘zi xohishi bilan vataniga qaytarilganini ma’lum qildi. O‘zbekiston “Tolibon” rahbariyati vakillari bilan “ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olish” bo‘yicha kelishib olgan.

O‘zbekiston orqali Afg‘onistondan qariyb 2000 chet el fuqarosi evakuatsiya qilindi

Oxirgi bir necha kunda O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistondan qariyb 2000 nafar chet davlatlar fuqarolari evakuatsiya qilindi, deya xabar berdi TIV.